Yosh atletlar mamlakat birinchiligida saralandi
Buxoro shahridagi «Sitora» sport majmuasida 14 va 16 yoshgacha bo‘lgan atletlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatining uchinchi kuni dasturidan bir qator final bahslari o‘rin oldi.
O‘smir qizlar o‘rtasida 5000 metr masofaga sportcha yurish bahsi yakuniy bosqich bilan yakunlandi. Unda mamlakatning eng kuchli 12 nafar sportchi qizlari chempionlik uchun bahs olib bordi.
Masofaning so‘nggi metrlarida kechgan keskin kurashda Qoraqalpog‘iston vakili Shaxsanem Arzekeyeva 28:32,60 natija qayd etib, Qashqadaryo viloyati vakili Zuhra Shodmonovani bor-yo‘g‘i 0,06 soniya farq bilan ortda qoldirdi va chempionga aylandi. Yana bir qashqadaryolik atlet Xolica Ziyodullayeva 29:06,58 natija bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi.
O‘smirlar o‘rtasida 5000 metr masofaga sportcha yurish bahsida esa Buxoro viloyati vakili Ochilbek G‘aybulloyev 24:42,9 natija bilan g‘olib bo‘ldi.
Qashqadaryo viloyati vakillari Muhammadjon Shoymardonov 27:57,3 natija bilan ikkinchi, Jasur Bahodirov esa 28:27,9 ko‘rsatkich bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
Uzunlikka sakrash bahsida Sirdaryo viloyati vakili Ziyodbek Tojirjonov 6,07 metr natija bilan chempionlikni qo‘lga kiritdi. Buxoro viloyatidan Shamshodbek Usmonov 5,85 metr bilan kumush, Samarqand viloyati vakili Ibrohim Toyirov 5,58 metr natija bilan bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA