Prezidentimiz barchani 16-18-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif etdi
O‘zbekiston global ishbilarmonlar hamjamiyati uchun ishonchli va barqaror mamlakatdir. Iqtisodiyotimizning yuqori darajada ochiqlik sari harakat qilayotgani yetakchi reyting agentliklari tomonidan xolis tasdiqlanmoqda. Faqat shu yilning o‘zida mamlakatimiz Iqtisodiy erkinlik indeksida yana 14 pog‘ona yuqori ko‘tarildi.
So‘nggi yillarda xalqaro bozorlarga 16 milliard dollarlik suveren va korporativ obligatsiyalar joylashtirildi. O‘tgan oyda London fond birjasida eng yirik davlat kompaniyalarining aktivlarini birlashtirgan O‘zbekiston Milliy investitsiya fondining aksiyalari birinchi marotaba ommaviy savdoga chiqarildi.
Kapital bozorini yanada rivojlantirish, barqaror moliyaviy va investitsiyaviy platformani shakllantirish maqsadida eng yaxshi standartlar asosida ishlaydigan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etishga kirishildi. Markazning maxsus huquqiy maqomga va soliq imtiyozlariga ega ekani investorlarga biznes yuritish uchun qulay vosita va ishonchli kafolatlarni taqdim etadi.
Fursatdan foydalanib, Prezidentimiz barchani 16-18-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif etdi. Ushbu anjuman doirasida Yangi O‘zbekistonning yangi imkoniyatlari va istiqbollari bilan bevosita tanishish mumkin bo‘ladi.
O‘zA