O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi nutqi
Hurmatli Vladimir Vladimirovich!
Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!
Xonimlar va janoblar!
Avvalambor, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti, hurmatli Vladimir Vladimirovich Putinga mazkur forumga taklif etgani va samimiy mehmondo‘stlik uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Shuningdek, Tanzaniya Prezidenti Samiya Suluhu Hasan xonimni, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi o‘rinbosari Xan Chjen janoblarini qutlayman.
O‘zining o‘ttiz yillik faoliyati davomida jahon miqyosidagi eng muhim masalalar yuzasidan fikr almashish bo‘yicha nufuzli va zarur muloqot maydonlaridan biriga aylangan Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ishtirok etish men uchun katta sharafdir.
O‘zbekiston bilan tarix, ma’naviy yaqinlik va insoniy taqdirlar orqali bog‘langan Rossiyaning madaniy poytaxti – Sankt-Peterburg shahrida bugun yana bir bor bo‘lib turganimdan g‘oyat xursandman.
Urushning og‘ir yillarida ko‘plab o‘zbekistonliklar Leningrad mudofaasida qatnashgan, Toshkent esa bir yarim million nafardan ortiq evakuatsiya qilingan bolalar, ayollar va keksalarga boshpana bergan edi. Bu haqdagi xotira umumiy ma’naviy makonimizning bir qismi bo‘lib qolmoqda.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Bugun aynan shu yerda, Neva bo‘yida biz o‘tmishni yod etib, kelajak va global iqtisodiyotning yangi arxitekturasiga oid masalalarni muhokama qilmoqdamiz.
Dunyo chuqur qayta qurish jarayonlarini boshidan kechirmoqda. Transport yo‘nalishlari o‘zgarmoqda, yangi ishlab chiqarish zanjirlari shakllanmoqda. Zamonaviy texnologik platformalar paydo bo‘lib, barcha sohalarda sun’iy intellekt joriy etilmoqda. Energetik, oziq-ovqat va raqamli xavfsizlik masalalari tubdan qayta ko‘rib chiqilmoqda. Raqobat nafaqat bozorlar va tabiiy resurslar uchun kurashda namoyon bo‘lmoqda, balki texnologiyalar, logistika va infratuzilma sohalarida ham uning ta’siri sezilmoqda.
Jahon iqtisodiyotida beqarorlik hukm surayotgan sharoitda birlashtiruvchi rol o‘ynaydigan va o‘z atrofida kooperatsiya, barqarorlik hamda o‘zaro manfaatdorlik makonini shakllantirishga qodir bo‘lgan davlatlar va mintaqalarning ahamiyati ortib bormoqda.
O‘zbekiston ming yillar davomida Buyuk ipak yo‘lining yuragi bo‘lib kelgan. Samarqand, Buxoro va Toshkent orqali nafaqat mahsulotlar tashilgan, balki g‘oya va bilimlar, madaniy va diniy an’analar bir-birini o‘zaro boyitib kelgan. Shuning uchun ham ochiqlik biz uchun doimo tanlov emas, balki hayotiy zarurat va sivilizatsiya kodi hisoblangan. Hozirgi kunda u yangicha ma’no-mazmun kasb etib bormoqda.
O‘zbekiston va umuman, Markaziy Osiyo mustaqil iqtisodiy o‘sish markaziga aylanmoqda. Bu mintaqada kelajakning transport, texnologiya va demografiya sohalaridagi qiyofasi namoyon bo‘lmoqda. Ushbu makonda Shimol va Janub, G‘arb va Sharq o‘rtasidagi asosiy kommunikatsiyalar chorrahasi shakllanmoqda.
Kuchayib borayotgan ayni tendensiyani yanada mustahkamlash uchun bizga sifat jihatidan yangi darajadagi bog‘liqlik nihoyatda zarur. Bu o‘rinda nafaqat an’anaviy transport-logistika va energetika yo‘laklarini birlashtirish, balki raqamli, to‘lov va ishlab chiqarish infratuzilmalarini integratsiya qilish haqida ham so‘z bormoqda. Kuchli, birlashgan, iqtisodiy jihatdan bog‘langan, ochiq va barqaror Markaziy Osiyo barcha sheriklarimizning strategik manfaatlariga javob beradi.
Xonimlar va janoblar!
O‘zbekiston uchun Rossiya mintaqadagi shunchaki qo‘shni emas. Bu davlat bizning vaqt sinovidan o‘tgan strategik sherigimiz va ittifoqchimizdir.
Bugungi kunda o‘zaro munosabatlarimiz yangi davrga qadam qo‘ydi. Hamkorlik ko‘p darajali va ko‘p qirrali tus oldi.
Biz mahsulotlarning oddiy savdo-sotig‘idan murakkab sanoat zanjirlari, texnologik alyanslar, birgalikda loyihalashtirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qadar bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdik. Bizning statistik ma’lumotlarimizga ko‘ra, so‘nggi 10 yilda o‘zaro mahsulot aylanmasi uch barobardan ko‘proq – 4 milliard dollardan 13 milliard dollarga oshdi. Rossiya bilan hamkorlikdagi loyihalarning umumiy portfeli 50 milliard dollardan ortadi.
Ikki davlat hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil kengaymoqda. Bu jarayonga bizning asosiy hamkorlarimiz – Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari, Moskva va Leningrad viloyatlari, Tatariston va Boshqirdiston, Krasnoyarsk va Perm o‘lkalari, shuningdek, Rossiyaning boshqa ko‘plab hududlari faol jalb qilingan.
Amalga oshirilayotgan hududlararo loyihalar hajmi 5 milliard dollarni tashkil etadi, yana 5 milliard dollarlik investitsiyalar paketi tayyorlanmoqda. O‘zaro hamkorlik barcha muhim sohalarni, jumladan, energetika, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, logistika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarni qamrab olmoqda. Loyihalar qatorida O‘zbekistonning beshta hududidagi qo‘shma sanoat parklari va Toshkentda tashkil etilgan qo‘shma vagonsozlik klasteri alohida e’tiborga loyiqdir.
Energetika sohasidagi hamkorlikka alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Investitsiya loyihalari, jumladan, Rossiya ishtirokidagi loyihalar hisobidan biz elektr energiyasi ishlab chiqarishni bir yarim barobar – 58 milliard kilovatt-soatdan 87 milliard kilovatt-soatga oshirdik. 2030-yilgacha generatsiyani 120 milliard kilovatt-soatgacha ko‘paytirishni rejalashtirmoqdamiz. Uning 54 foizini qayta tiklanadigan energiya manbalari tashkil etadi.
Bizning energetika sohasidagi quvvatlarimiz, shuningdek, O‘zbekistonda Rossiya ishtirokida birinchi gibrid atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi hisobidan ham ortadi. Kecha biz Vladimir Vladimirovich bilan AES qurilishining birinchi poydevorini qo‘yish marosimida qatnashdik. Biz uchun bu uzoq muddatli rivojlanish, yangi muhandislik maktabini tayyorlash va ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirishga qaratilgan loyihadir.
Atomdan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha boshqa sohalar – tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ilm-fanda ham hamkorlikda ish olib borish niyatidamiz.
Aziz do‘stlar!
Hozirgi sharoitda O‘zbekiston va Rossiyaning texnologiyalar va sanoat sohasidagi hamkorligi faqat ikki tomonlama aloqalar doirasida cheklanib qolmasligi kerak.
Biz sanoat bo‘yicha salohiyatni, resurslar, bozorlar va kompetensiyalarni birlashtirishga qodir bo‘lgan ulkan kooperatsiya makonini yaratishni mo‘ljal qilyapmiz. Aynan shuning uchun biz “Yevroosiyo texnologik sanoatlashtirish kamari”ni shakllantirish tashabbusi bilan chiqmoqdamiz. Bu sanoat kooperatsiyasining yagona raqamli platformasi bilan birlashtirilgan ishlab chiqarish va texnologik klasterlarning o‘zaro bog‘liq tizimidir. Bu o‘rinda texnologiyalarni ishlab chiqish va kadrlar tayyorlashdan tortib, sanoat ishlab chiqarishini mahalliylashtirish va tashqi bozorlarga chiqishgacha bo‘lgan to‘liq siklli zanjirlarni yaratish haqida so‘z bormoqda.
Ushbu tashabbusni sinovdan o‘tgan, har yili Toshkentda o‘tkaziladigan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” innovatsion-sanoat ko‘rgazmasi platformasi bazasida amalga oshirishni taklif etamiz. Bunday yondashuv biznes uchun hamkorlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri topish va o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatish imkonini beradi.
Xonimlar va janoblar!
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi, hech shubhasiz, iqtisodiyotning yangi muloqot vositasi, ta’bir joiz bo‘lsa, tiliga aylangan raqamlashtirishdir.
Agar ilgari infratuzilma deganda, yo‘llar, quvurlar va elektr uzatish tarmoqlari tushunilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu, avvalo, raqamli platformalar demakdir. Ular o‘z atrofida yaxlit ekotizimni – ish o‘rinlari, logistika, to‘lov xizmatlari, yangi eksport imkoniyatlarini shakllantirmoqda.
O‘zbekiston biznesi raqamli yechimlarni faol rivojlantirmoqda va ayni paytda keng doiradagi mamlakatlar bilan texnologik hamkorlik uchun ochiqdir. Masalan, Rossiya marketpleyslari va raqamli servislari orqali mahsulotlarimiz savdosi hajmi so‘nggi bir necha yilda 3,5 barobar o‘sib, bir yarim milliard dollardan oshdi.
Hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida qo‘shma Raqamli ekotizimni shakllantirishga kirishishni taklif etamiz. Ilk bosqichda u raqamli savdo va shahar servislarini tartibga solish qoidalarini yaqinlashtirish, O‘zbekiston va Rossiya brendlarini hamkorlikdagi platformalarda ilgari surish, bandlik bo‘yicha yagona raqamli profilni yaratish, sun’iy intellekt asosida mahsulotlarni rivojlantirishni o‘zida qamrab olishi mumkin. Bu biznes uchun yangi bozorlar, fuqarolar uchun esa daromad topishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Ayni paytda raqamlashtirishni keng qo‘llashga intilar ekanmiz, har qanday o‘zgarishlar negizida doimo inson turishini yodda tutish muhimdir.
Bugungi kunda O‘zbekiston dunyoning eng yosh mamlakatlaridan biri bo‘lib, aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadi. Bu shunchaki oddiy statistika emas. Bu – rivojlanish uchun quvvat, energiya manbai. Bu – yangi talab. Bu – bizning kelajagimiz.
Shu bois, bizning vazifamiz faqat yoshlarga zamonaviy bilim berishdan iborat emas. Yoshlar ilg‘or kompetensiyalarni o‘zlashtirishi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun imkon beradigan sharoitlarni yaratish muhimdir. Bu o‘rinda ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik alohida o‘rin tutadi.
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlarning 32 ta, jumladan, Rossiya oliy ta’lim muassasalarining 15 ta filiali faoliyat yuritmoqda. Bu Rossiyaning xorijdagi eng yirik universitetlar tarmog‘i hisoblanadi.
Shu bilan birga, kasbiy ta’lim, ayniqsa, amaliyotga yo‘naltirilgan kadrlar tayyorlash dasturlarini joriy etish muhim ahamiyatga ega. Bizda bu borada allaqachon muvaffaqiyatli misollar bor. Olmaliq va Toshkentda birinchi qo‘shma muhandislik maktablari ishga tushirildi.
Onlayn ta’lim servislari mazkur sohadagi samarali hamkorlik mexanizmi bo‘lishi mumkin. Bunday servislarning ishga tushirilishi yoshlarga hatto eng chekka hududlarda ham zarur bilimlarni olish imkonini beradi. Bu mehnat mobilligi modelini tubdan o‘zgartiradi va uni tashkil etishni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqadi.
Shu munosabat bilan biz Inson kapitalini rivojlantirish qo‘shma onlayn-platformasini yaratishni taklif etamiz. Uning vazifasi – ta’lim, kasbiy tayyorgarlik va mehnat bozorini o‘zaro bog‘lashdan iborat.
Ushbu tizimda ta’lim dasturlari, til o‘rgatish va axborot texnologiyalari kurslari, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ish beruvchilar bilan bog‘lanish imkoniyatlari birlashtirilishi mumkin.
Yoshlar uchun bu yangi iqtisodiyot sari aniq-ravshan yo‘nalish bo‘ladi. Biznes uchun tayyor kadrlar bazasidan foydalanish imkoniyatidir. Universitetlar va kollejlar uchun bozorning real talabi bilan aloqa vositasidir. O‘zbekiston va Rossiya uchun esa eng oliy qadriyat bo‘lgan insonlarga uzoq muddatli sarmoyadir.
Agar hurmatli Vladimir Vladimirovich ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlasa, sohaviy idoralarimizga bunday platformani imkon qadar tezroq ishga tushirish vazifasini topshiramiz.
Hamkorligimizning gumanitar asosi sifatida turizmni alohida ko‘rsatib o‘tishni istar edim. Ushbu tarmoq ishonch iqtisodiyotini hammadan ko‘ra yaxshiroq shakllantiradi.
Odamlar O‘zbekistonga kelar ekan, nafaqat tarixiy yodgorlik va shaharlarni, balki madaniyatni, mehmondo‘stlik, ishbilarmonlik muhiti va biznes uchun imkoniyatlarni ham ko‘radi. 2025-yilda bizning mamlakatimizda qariyb bir million rossiyalik mehmon bo‘ldi, bu yil esa biz yanada ko‘proq sayyohni qabul qilishga tayyormiz. Buning uchun nafaqat turistik infratuzilmani, balki kreativ iqtisodiyotni ham rivojlantiryapmiz. 2030-yilga borib, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 5 foizni tashkil etadi. Bu esa ushbu ijodiy sohani iqtisodiy o‘sishning drayverlaridan biriga aylantiradi.
Hamkorligimizning madaniy-gumanitar yo‘nalishini mustahkamlash maqsadida “Samarqanddan Peterburggacha” kreativ-turistik yo‘lagi loyihasini ishga tushirishni taklif etamiz. Ushbu tashabbus san’at va kino festivallari, muzey ko‘rgazmalari, gastronomiya haftaliklari va musiqiy tadbirlarni birgalikda tashkil etishni nazarda tutadi.
Kecha Mariinskiy teatri va “Ermitaj” davlat muzeyida O‘zbekiston madaniyati va san’atiga doir loyihalar boshlandi.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
2026-yil mamlakatimiz uchun alohida ahamiyatga ega. Biz tizimli islohotlarning muhim marrasiga yaqinlashmoqdamiz. Bundan o‘n yil oldin ochiqlik, inklyuzivlik va pragmatizmga tayangan holda, Yangi O‘zbekistonni barpo etishni boshlagan edik. O‘tgan davrda uzoq muddatli o‘sish uchun mustahkam asos – qulay ishbilarmonlik muhiti, barqaror sanoat bazasi va yangi infratuzilma yaratildi.
Iqtisodiyotimiz hajmi 50 milliard dollardan 147 milliard dollarga oshdi, joriy yil esa 8 foizdan yuqori o‘sishni prognoz qilmoqdamiz. Islohotlar boshlanganidan buyon mamlakatimizga 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb qilindi, minglab zamonaviy korxonalar ishga tushirildi. Tovar va xizmatlar eksporti qariyb 3 barobar oshdi.
O‘zbekiston hatto hozirgi global beqarorlik sharoitida ham barqaror o‘sish dinamikasini namoyish etmoqda. Iqtisodiyotimiz yanada ko‘p qirrali bo‘lib bormoqda, ichki bozor kengaymoqda, zamonaviy texnologiyalar, infratuzilma va sifatli ish o‘rinlariga talab ortmoqda.
Yosh, faol va tez o‘sib borayotgan aholi O‘zbekistonning muhim ustunliklaridan biridir. Bu tadbirkorlik, texnologiyalar, servislar va sanoatni rivojlantirishning uzoq muddatli bazasidir.
Ammo demografik o‘sish o‘z-o‘zidan muvaffaqiyatni kafolatlamaydi. Bu salohiyatni kuchli intellektual resurs – kompetensiyalarga, unumdorlikka, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar va texnologiyalar yaratish qobiliyatiga aylantirishimiz kerak.
Biz islohotlarimizning ilk davridanoq bozor samaradorligi va ijtimoiy mas’uliyatni uyg‘unlashtirishga harakat qilib kelyapmiz. O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanish modelining o‘ziga xosligi aynan shu jihat bilan belgilanadi. O‘sish nafaqat tez sur’atlarda, balki barqaror, inklyuziv va odamlarning hayot sifatini oshirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim.
Faqat so‘nggi 5 yilda aholining umumiy daromadlari 2,5 barobar oshdi. Biz uchun asosiy mezon bu yuqori hayot sifati, inson qadr-qimmati va har bir odamning salohiyatini ro‘yobga chiqarishdir.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi aynan shu maqsadga erishishga xizmat qiladi. Ushbu davrga qadar biz aholi daromadlarini o‘rtachadan yuqori darajaga ko‘tarish, barcha sohalarni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish, iqtisodiyot hajmini yana bir yarim barobar – 240 milliard dollardan ko‘proqqa oshirish niyatidamiz.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
O‘zbekistonda global investitsiyalar uchun barcha shart-sharoitlar izchil shakllantirilmoqda. Qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilmoqda, bozor institutlari takomillashtirilmoqda, raqobat darajasi va ishlab chiqarish salohiyati ortmoqda.
Ushbu forumda ishtirok etayotgan investorlarni yuqori qo‘shimcha qiymatli yangi sanoat zanjirlarini yaratishga taklif etamiz.
Kompetensiyalarni, ishlab chiqarish va ishlanmalarni chuqur mahalliylashtirish, shuningdek, zamonaviy injiniring va yangi eksport yo‘nalishlarini rivojlantirish bizning ustuvor vazifamizdir. Bu bugungi kunda sanoat usulida qayta ishlash, agrotexnologiyalar, biokimyo, robototexnika, raqamli yechimlar va sun’iy intellekt kabi yangi iqtisodiyot shakllanayotgan sohalarda ayniqsa muhimdir.
Energetika, aviatsiya, ta’lim, geologiya va boshqa ko‘plab sohalarda davlat-xususiy sheriklik tamoyili shaklida amalga oshirilayotgan loyihalarda biz hamkorlik uchun katta salohiyatni ko‘rmoqdamiz.
Manfaatdor sheriklarimizga nafaqat o‘sib borayotgan ichki bozorimiz, balki qo‘shni mamlakatlar va mintaqalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatini ham taklif etamiz.
Aziz do‘stlar!
O‘zbekiston global ishbilarmonlar hamjamiyati uchun ishonchli va barqaror mamlakatdir. Iqtisodiyotimizning yuqori darajada ochiqlik sari harakat qilayotgani yetakchi reyting agentliklari tomonidan xolis tasdiqlanmoqda. Faqat shu yilning o‘zida mamlakatimiz Iqtisodiy erkinlik indeksida yana 14 pog‘ona yuqori ko‘tarildi.
So‘nggi yillarda biz xalqaro bozorlarga 16 milliard dollarlik suveren va korporativ obligatsiyalarni joylashtirdik. O‘tgan oyda London fond birjasida eng yirik davlat kompaniyalarining aktivlarini birlashtirgan O‘zbekiston Milliy investitsiya fondining aksiyalari birinchi marotaba ommaviy savdoga chiqarildi.
Kapital bozorini yanada rivojlantirish, barqaror moliyaviy va investitsiyaviy platformani shakllantirish maqsadida eng yaxshi standartlar asosida ishlaydigan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etishga kirishdik. Markazning maxsus huquqiy maqomga va soliq imtiyozlariga ega ekani investorlarga biznes yuritish uchun qulay vosita va ishonchli kafolatlarni taqdim etadi.
Fursatdan foydalanib, barchangizni 16-18-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif etaman. Ushbu anjuman doirasida Yangi O‘zbekistonning yangi imkoniyatlari va istiqbollari bilan bevosita tanishish mumkin bo‘ladi.
Xonimlar va janoblar!
Albatta, bugungi forumning “Pragmatik muloqot – barqaror kelajak sari yo‘l” degan shiori ramziy ma’noga ega. Chindan ham aynan ochiq va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqot hozirgi kunda barqaror rivojlanishning asosiy shartiga aylanmoqda. Ishonch, hamkorlikka tayyorlik va birgalikda yechim izlashga intilish bor joyda yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi. O‘zbekiston va Rossiya sherikligi bunday hamkorlikning yorqin namunasidir.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti, hurmatli Vladimir Vladimirovich Putinga ushbu keng ko‘lamli xalqaro forumga taklif etgani hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etish imkoniyatini yaratgani uchun yana bir bor samimiy minnatdorlik bildiraman.
So‘zimning yakunida barcha ishtirokchilarga samarali faoliyat yuritishlari va qiziqarli fikr almashishlarini tilayman.