"Prezident sovg‘asi" bolalarni rag‘batlantiradi
Yangi o‘quv yilida Toshkent viloyatidagi 874 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda 56 ta nodavlat ta’lim tashkilotida 2019-yilda tug‘ilgan 61 ming 706 nafar bolaning 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Shu munosabat bilan ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘yadigan bolajonlar uchun tayyorlangan “Prezident sovg‘asi” to‘plamlari viloyatga yetkazib berildi. Bolajonlarning bilim olishiga mo‘ljallangan mazkur to‘plam 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat bo‘lib, undan o‘quv sumkasi, 12 ta daftar, ruchka, 2 ta oddiy qalam, rangli qalamlar to‘plami, rangli qog‘oz, plastilin, rasm daftari, 2 ta o‘chirg‘ich, rangli akvarel bo‘yoqlari, yelim va qalamdon o‘rin olgan.

Prezident sovg‘asi sifatida tayyorlangan ushbu o‘quv qurollari “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlaridan so‘ng bolajonlarga tantanali ravishda topshiriladi. Shuningdek, sovg‘alar nodavlat maktablar, boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi ta’lim tashkilotlarida tahsil oladigan birinchi sinf o‘quvchilariga ham beriladi.

Ta’kidlash joizki, 1-sinfga qabul qilinayotgan har bir bolani “Prezident sovg‘asi” bilan o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida vazirlikning adm.maktab.uz elektron platformasi orqali maktablar bo‘yicha o‘quvchilarning nomma-nom ro‘yxati shakllantirilgan. Mazkur tizim sovg‘alarni manzilli va tizimli ravishda yetkazib berish, har bir bolani zarur o‘quv qurollari bilan ta’minlash imkonini beradi.
“Prezident sovg‘asi” bolajonlarning maktabdagi ilk kuniga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, ularni bilim olishga rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
A.Musayev,
O‘zA