Prezident Shavkat Mirziyoyevning Seuldagi O‘zbekiston – Koreya biznes forumi ochilishidagi nutqidan asosiy fikrlar
– Koreya – O‘zbekistonning vaqt sinovidan o‘tgan do‘sti va alohida strategik sherigi;
–Koreya biznesi O‘zbekistonda shunchaki faoliyat yuritishga emas, balki yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, texnologiyalar va infratuzilmani rivojlantirishga investitsiya kiritishga taklif qilindi;
–Maqsad – O‘zbekistonni mintaqadagi asosiy ishlab chiqarish, texnologik va eksport maydonlaridan biriga aylantirish;
–Mamlakatimizda muhim minerallar sohasida yaqin yillarda umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 120 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan;
–O‘zbekistonning tabiiy resurslari, inson kapitali va o‘sib borayotgan bozorini Koreyaning texnologiyalari, muhandislik tajribasi va jahon brendlari bilan uyg‘unlashtirish taklif etildi;
–Ustuvor vazifa – shunchaki xomashyo eksport qilish emas, balki O‘zbekistonda chuqur qayta ishlashdan tortib, tayyor yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish;
–2030-yilga qadar O‘zbekiston elektrotexnika sanoati hajmini 11 milliard dollarga, eksportni esa 5 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan;
–Strategik vazifa – yig‘uv ishlab chiqarishlaridan zamonaviy, to‘liq siklli klasterlarga o‘tish;
–Koreya kompaniyalari, universitetlari va tadqiqot markazlarini o‘zbekistonlik hamkorlar bilan yagona tandemga birlashtirish taklif etildi;
–Nafaqat mahsulot ishlab chiqarish, balki intellektual mulk huquqiga ega bo‘lgan yangi mahsulotlarni ishlab chiqish ham muhim;
–Koreyaning yetakchi kompaniyalariga ilmiy tadqiqotlar, klinik baza va ishlab chiqarishni birlashtirgan biofarmatsevtika klasteri tashkil etish taklif qilinmoqda;
–Asosiy e’tibor mutaxassislar tayyorlashga qaratilishi lozim. Shu bois, O‘zbekiston – Koreya muhandislarni tayyorlash yagona ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish muhim hisoblanadi;
–Koreya investorlariga transport va shahar infratuzilmasi sohasidagi loyihalar – Yangi Toshkentdagi ob’ektlar, aeroportlar, temir yo‘llar, avtomobil magistrallari va logistika markazlari taklif etildi;
–O‘zbekiston Koreya kompaniyalarining Markaziy Osiyodagi ishlab chiqarish va eksport xabiga aylanishi uchun barcha imkoniyatlarga ega. Shu maqsadda O‘zbekiston – Koreya sanoat-texnologik alyansini tashkil etish taklif qilindi.
O‘zA