6 oyda bolalar vaksinatsiyasiga 229 milliard so‘m sarflanib, 1,4 million bola emlangan
Shu yilning o‘tgan olti oyi davomida aholi salomatligini muhofaza qilish va tibbiy xizmat sifatini oshirish borasidagi ishlar davlatimizning doimiy diqqat-e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Jamshid Qo‘chqorovning qayd etishicha, hisobot davrida sog‘liqni saqlash sohasiga qariyb 23 trillion so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,8 trillion so‘m ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi.
Bunda tibbiyot xodimlarining ish haqi va ijtimoiy soliq to‘lovlariga 16,3 trillion so‘m, dori-darmon vositalari bilan ta’minlashga esa qariyb 1,7 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga qariyb 18 trillion so‘m byudjetdan transfer ajratildi va jamg‘arma faoliyatining kengayib borishi xususiy tibbiyot muassasalari rivojlanishiga ham xizmat qilmoqda. Jamg‘arma tomonidan 104 ta xususiy tibbiyot tashkiloti bilan shartnomalar tuzilib, 48,5 ming nafar bemorni davolash uchun 165 milliard so‘m yo‘naltirildi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash dasturlariga 822 milliard so‘m yo‘naltirildi. Bolalarni vaksinatsiya tadbirlariga 229 milliard so‘m sarflanib, 1,4 million nafar bola 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash tadbirlari bilan qamrab olindi.
Hisobot davrida 241 ta tibbiyot muassasasida qurilish va ta’mirlash ishlariga 716 milliard so‘m ajratilgan.
M.Komilova, O‘zA