"Prezident olimpiadasi": Umumjamoada Xorazm viloyati peshqadam
Poytaxtimizda davom etayotgan “Prezident olimpiadasi”ning ortda qolgan uchinchi kungi musobaqalar natijasiga ko‘ra, Xorazm viloyati jamoasi umumjamoa hisobida peshqadamlik qilmoqda.
Bugun, 30-oktabr kuni “Olimpiya shaharchasi”, Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlari markazi hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti sport majmualarida davom etayotgan “Prezident olimpiadasi”ning to‘rtinchi kungi musobaqalari bo‘lib o‘tadi.

Kecha chim ustida xokkey va yengil atletika yo‘nalishlari poyoniga yetgan bo‘lsa, bugun, 30-oktabr kuni dzyudo, voleybol va stol tennisi bahslarida “Prezident olimpiadasi”ning so‘nggi musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
Bugun, shuningdek, og‘ir atletika va qilichbozlik musobaqalari davom etsa, sport kurashlari, sohil voleyboli musobaqalari oldidan mandat komissiyasining yig‘ilishi, qur’a tashlash marosimlari tashkil etiladi.

Umumjamoa hisobida Xorazm viloyati vakillari 13 ta oltin, 6 ta kumush va 10 ta bronza medali bilan yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyati sportchi yoshlari 10 ta oltin, 16 ta kumush va 12 ta bronza medali bilan 2-o‘rinni, Samarqand viloyati jamoasi 10 ta oltin, 8 ta kumush va 5 ta bronza medal jamg‘argan holda 3-o‘rinni egallab turibdi.

Eslatib o‘tamiz, 8-noyabrga qadar davom etadigan “Prezident olimpiadasi” musobaqalarida 4 ming nafarga yaqin sportchilar g‘oliblik yo‘lida bahs olib borayotgan vaziyatda ming nafardan ziyod murabbiylar ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turibdi. Musobaqalarni 600 nafarga yaqin hakamlar boshqarib bormoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA