Prezident nutqidan kelib chiquvchi ustuvor vazifalar muhokama qilindi
Prezidentimizning mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida o‘tgan yillar mobaynida barcha soha va yo‘nalishlarda erishilgan ulkan natijalar e’tirof etilib, galdagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, aholi salomatligini muhofaza qilish borasida muhim natijalarga erishilgani aytib o‘tildi. Sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi so‘nggi yillarda 8 karradan ziyod oshirildi. O‘tgan davrda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etildi. Xususiy sektor uchun yaratilgan imkoniyatlar natijasida tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi yig‘ilishida davlat rahbarining mazkur nutqidan kelib chiqib, qo‘mita oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Xususan, Ikkinchi milliy dastur doirasida aholining sog‘lom va uzoq umr ko‘rishini ta’minlash, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, inson salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni qonunchilik nuqtai nazaridan qo‘llab-quvvatlash vazifalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Uchinchi milliy dastur doirasida iqtisodiyotni yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligiga asoslangan yangi taraqqiyot modeliga o‘tkazish jarayonida munosib mehnat sharoitlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash va inson kapitalini rivojlantirish masalalari qo‘mitaning parlament nazorati hamda qonun ijodkorligi faoliyatida muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining 2026-yil yetti oyi davomidagi faoliyati sarhisob qilindi. Qayd etilganidek, hisobot davrida fondga 4 ming 430 ta murojaat kelib tushgan. Ular asosida 3 mingdan ortiq bolaga tibbiy, ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatilgan. Murakkab kasalliklar tashxisi qo‘yilgan 95 nafar bola xorijiy klinikalarda davolandi va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlaridan o‘tkazilgan.
Hududlarda mahalliy va xorijiy yuqori malakali mutaxassislar ishtirokida tashkil etilgan tibbiy aksiyalar doirasida esa 665 nafar bolada turli murakkablikdagi jarrohlik amaliyotlari amalga oshirilgan.
Muhokamalarda qo‘mita a’zolari tibbiy yordam sifatini oshirish, murakkab operatsiyalarni mamlakatimizda amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish, sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA