Prezident nafaqat nabirasiga, bizga ham maktub yölladi
Vatan tinçligi, xalq farovonligi, farzandlar kamoli va yurt kelajagi haqidagi samimiy satrlar – har birimiz uçun öziga xos hayotiy saboq. Baʼzan bir oğiz savol insonni katta mulohazalarga boşlaydi. Baʼzan esa bir maktubda butun bir avlodga tegişli orzu-umidlar, hayotiy xulosalar va kelajak oldidagi masʼuliyat mujassam böladi.
Prezident Şavkat Mirziyoyevning Iordaniyaga davlat taşrifi çoğida nabirasi Şavkatbekka yöllagan maktubi ham ana şunday mazmunga ega. Dastlab oilaviy samimiyat bilan boşlangan uşbu murojaat aslida millionlab yurtdoşlarimiz, ayniqsa, yoş avlodga qaratilgan hayotiy saboq va ezgu tilaklarni özida ifoda etadi.
«Nega Siz doim uzoq safarlarga ketasiz?» degan bolalarça samimiy savolga javob berar ekan, davlat rahbari bunday safarlar zamirida xalqning tinç va farovon hayotini taʼminlaş, farzandlar uçun munosib şaroit yaratiş, ularning zamonaviy bilim olişiga imkoniyatlarni kengaytirişdek ezgu maqsadlar mujassam ekanini taʼkidlaydi.
Maktubning eng taʼsirli jihatlaridan biri ham şunda: unda şaxsiy mehr va oilaviy qadriyatlar xalq taqdiri, Vatan kelajagi bilan uyğunlaşib ketgan.
Darhaqiqat, tinçlik – inson hayotidagi eng katta neʼmat. Osoyişta yurtdagina bolalar maktabga xotirjam qatnaydi, oilalar kelajak rejalarini tuzadi, tadbirkorlik rivojlanadi, yangi korxonalar, turar joylar va ijtimoiy obʼektlar qad rostlaydi. Bunyodkorlikning har bir namunasi, avvalo, ana şu osoyiştalik va barqaror taraqqiyotning amaliy ifodasidir.
Sirdaryo viloyati misolida ham bu jarayonlarni turli yönalişlarda kuzatiş mumkin. Keyingi yillarda hududda aholi turmuş şaroitini yaxşilaş, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantiriş, tibbiyot va taʼlim muassasalarini zamonaviylaştiriş, raqamli texnologiyalarni keng joriy etişga qaratilgan işlar amalga oşirilmoqda.

Masalan, soğliqni saqlaş tizimida raqamli imkoniyatlarni kengaytiriş borasidagi işlar aholiga tibbiy xizmat körsatiş sifatini oşirişga qaratilgan. Sirdaryo raqamli vaziyatlar markazining taşkil etilişi, 74 ta şoşilinç tibbiy yordam brigadasi va 11 ta şahar-tuman statsionar şifoxonasining yagona raqamli tizimga integratsiya qilinişi tibbiyot sohasidagi muhim özgarişlardan biridir.
Guliston şahridagi 1-oilaviy poliklinikaning rekonstruksiya qilinişi ham birlamçi tibbiy xizmat infratuzilmasini yaxşilaşga qaratilgan işlar sirasiga kiradi. Bunday loyihalarning ahamiyati faqat yangi bino yoki zamonaviy jihozlarda emas, balki inson salomatligi, uning hayot sifati va ertangi kunga bölgan işonçida namoyon böladi.
Prezident maktubida bolalarning taʼlim-tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratilgani ham bejiz emas. Undagi «Sizlar baxtli, tökis va farovon yaşaşingiz uçun nimaiki lozim bölsa, hammasini qilamiz», degan fikr zamirida katta masʼuliyat mujassam.

Bugun Sirdaryoda ham yoşlarning bilim olişi, iqtidorini namoyon etişi, fan, sport va ijod sohalarida öz örnini topişi uçun imkoniyatlarni kengaytiriş masalasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xalqaro olimpiadalarda iştirok etayotgan öquvçilar, turli tanlovlarda ğolib bölayotgan yoşlar, zamonaviy kasblarni egallaşga intilayotgan yigit-qizlar bugungi mehnat va eʼtiborning ertangi natijasidir.
Maktubda zamonaviy gadjetlar va sunʼiy intellektdan samarali foydalaniş, biroq ularga qaram bölib qolmaslik haqidagi fikrlar ham bugungi davr uçun alohida ahamiyatga ega. Çunki zamonaviy texnologiyalar qançalik rivojlanmasin, insonning bilimi, mustaqil tafakkuri, izlanişi va mehnatsevarligi öz ahamiyatini yöqotmaydi.
Yana bir muhim jihat – vaqtning qadri. Prezident maktubida vaqtni ortga qaytarib bölmasligi, har bir daqiqadan unumli foydalaniş zarurligi taʼkidlanadi. Bu fikr nafaqat yoşlar, balki öz oldiga aniq maqsad qöygan har bir inson, har bir jamoa va taşkilot uçun ham muhim hayotiy mezondir.

Sirdaryoda amalga oşirilayotgan bunyodkorlik işlari, yangi loyihalar, işlab çiqariş quvvatlarining kengayişi, qişloq xöjaligida zamonaviy yondaşuvlarning joriy etilişi ham öz-özidan natija bermaydi. Bu jarayonlarda taşabbus, masʼuliyat, bilim va fidoyilik hal qiluvçi ahamiyatga ega. Har bir bunyodkorlik işining ortida inson mehnati, uning orzu-umidi va kelajakka işonçi mujassam.
Maktubning yana bir taʼsirli örni undagi Vatanga muhabbat, milliy ğurur va odamiylik fazilatlari haqidagi mulohazalardir. Davlat rahbari nabirasiga qaysi kasbni tanlaşidan qatʼi nazar, Vatanga naf keltirişga, el koriga yaraşga intilişni nasihat qiladi.
Bu fikrlar har birimizga tegişli. Zero, yurt ravnaqi faqat yirik loyihalar yoki katta marralar bilan emas, balki har bir insonning öz işiga masʼuliyat bilan yondaşişi, halol mehnati, jamiyat hayotidagi faol iştiroki bilan ham belgilanadi.

Maktubdagi muhim xulosalardan biri uning yakuniy qismida öz ifodasini topgan. Prezidentning bu sözlari nafaqat nabirasiga, balki yurtimizdagi har bir bobo va ota, har bir buvi va onaning öz farzandlariga yöllagan samimiy dil izhori, ezgu tilak va hayotiy nasihatlaridir.
Demak, bu satrlar faqat bir oilaga emas, butun jamiyatga tegişli. Unda tinçlikning qadrini biliş, yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalaniş, farzandlarni bilimli va vatanparvar etib tarbiyalaş, yurt taraqqiyotiga hissa qöşiş kabi umuminsoniy qadriyatlar mujassam.
Sirdaryoliklar uçun ham bu maktubdagi fikrlar hayotimizdagi oddiy, ammo muhim haqiqatni yana bir bor eslatadi: tinçlik bor joyda bunyodkorlik, bunyodkorlik bor joyda taraqqiyot, bilim va imkoniyat bor joyda esa kelajakka işonç mustahkamlanadi.
Bir söz bilan aytganda, Vatan kelajagi faqat ertangi kunga qoldiriladigan orzu emas. U bugun qurilayotgan maktablarda, yangilanayotgan şifoxonalarda, qad rostlayotgan inşootlarda, mehnat qilayotgan insonlar va bilim olayotgan yoşlar hayotida namoyon böladi.
Ğulom Primov, ÖzA muxbiri