“Prezident hojisi” yo‘llanmalari topshirildi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan inson qadrini ulug‘lash va aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu ishlar izchil davom etmoqda.
Halol mehnati bilan el xizmatini qilayotgan, mahalla tinchligi va ahilligini mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz hayotida unutilmas voqea yuz berdi.

Yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi sifatida yurtimizdan 100 nafar fuqaro “Prezident hojisi” maqomiga munosib ko‘rilib, muqaddas Haj safariga kuzatilmoqda.
Jumladan, Farg‘ona viloyatidan ham 7 nafar ziyoratchiga ushbu muborak safar uchun yo‘llanmalar berildi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Marg‘ilon shahridagi Do‘stlik mahallasida istiqomat qiluvchi Hamidilloh Mamajonov xonadonida bo‘lib, “Prezident hojisi” tashabbusi doirasida ajratilgan Haj yo‘llanmasini o‘z egasiga tantanali topshirdi.
58 yoshli Hamidilloh Mamajonov uzoq yillar davomida viloyatdagi turli zavod va korxonalarda, shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimida samarali va fidokorona mehnat qilib kelgan.

Hamidilloh Mamajonov ota-bobolari orzu qilgan muqaddas Haj amalini ado etish baxti nasib etganidan juda mamnun ekanini aytib, ko‘zlarida quvonch yoshlari bilan Prezidentga samimiy minnatdorchilik bildirdi.
Shuningdek, u kelgusida ham yurt taraqqiyoti, tinchligi va farovonligi yo‘lida faol bo‘lib, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini yosh avlodga yetkazishga, ularning ta’lim-tarbiyasiga munosib hissa qo‘shishga doimo tayyor ekanini ta’kidladi.


Qo‘shtepa tumani Garmdon mahallasida istiqomat qiluvchi Baxtiyorjon Qosimjonov, Oltiariq tumanining Maorif mahallasida yashovchi Yunusali Jumayevlarga ham “Prezident hojisi” yo‘llanmasi topshirildi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA