Prekursorlar muomalasiga oid qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda
Mamlakatimizda giyohvandlik va uyushgan narkojinoyatchilikka qarshi kurashish bilan bog‘liq faoliyatni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish orqali aholining, birinchi navbatda, yoshlarning salomatligini hamda millat genofondini samarali himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, g‘ayriqonuniy narkolaboratoriyalarda prekursorlardan foydalangan holda sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash va tarqatishga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, prekursorlarning qonunga xilof muomalasining oldini olish maqsadida sohada huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish talab etilmoqda.
Parlament quyi palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi yig‘ilishida prekursorlarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik belgilashga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ya’ni, qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga prekursorlarning muomalasiga oid qoidalarni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilovchi yangi norma kiritilmoqda.

Shuningdek, mazkur huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takroran sodir etilganda Jinoyat kodeksida jinoiy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda. Mazkur normalar prekursorlarning noqonuniy muomalasining oldini olish, sintetik giyohvandlik vositalari ishlab chiqarilishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning sog‘lig‘ini muhofaza qilishga xizmat qiladi.
M.Komilova,
O‘zA