Poytaxtimizda rus adabiyotiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi
O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida «Lak miniatyurasida rus adabiyoti» ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazma Butunrossiya dekorativ san’at muzeyi kolleksiyasi asosida tashkil etilib, unda rus adabiyotining mashhur asarlari va qahramonlari aks etgan noyob lakli miniatyuralar namoyish etildi.

Ko‘rgazmani O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi direktori Ismat Yusupov hamda Butunrossiya dekorativ san’at muzeyi direktori Tatyana Ribkina birgalikda ochib berdi. Tadbir davomida ikki muzey o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Shuningdek, ko‘rgazmaning muzeyga taqdim etilganini tasdiqlovchi sertifikat topshirildi. Mehmonlarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi, lakli miniatyura namunalari esa muzey fondiga tuhfa qilindi. Tadbir ikki davlat muzeylari o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
G.Boboyeva,
O‘zA