Yong‘inga qarshi himoya tizimlari bo‘yicha normativ hujjatlar kuchaytirilmoqda
Poytaxtimizda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamkorligida bino va inshootlarning yong‘inga qarshi himoya tizimlariga qo‘yiladigan talablarni zamonaviy xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish hamda sohaning me’yoriy-texnik bazasini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda respublikada yong‘in xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish, ma’nan eskirgan texnologiyalardan bosqichma-bosqich voz kechish hamda yong‘in xavfsizligi sohasidagi milliy normativ hujjatlarni ilg‘or xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, analog turdagi, ya’ni manzilsiz yong‘in xabarlagichlarini bosqichma-bosqich muomaladan chiqarishning texnik va me’yoriy asoslari atroflicha tahlil etildi. Shuningdek, ob’ektlarning funksional xususiyatlari va yong‘in xavfi darajasini inobatga olgan holda, ularda manzilli hamda manzilsiz yong‘in xabarlagichlaridan foydalanish bo‘yicha loyihalash talablarini takomillashtirish yuzasidan asoslangan takliflar ishlab chiqish vazifalari belgilab olindi.

Qayd etilganidek, mazkur chora-tadbirlar bino va inshootlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, texnik yechimlarni yangilash hamda sohaning me’yoriy-texnik bazasini xalqaro yondashuvlarga uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
G.Boboyeva,
O‘zA