Poytaxtimizda dzyudo bo‘yicha 35-jahon chempionati boshlanmoqda
Xabar berganimizdek, mamlakatimiz poytaxti dzyudo bo‘yicha 35-jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqda.
Ertaga, 6 oktyabrdan boshlanadigan tarixiy jahon chempionatida ishtirok etadigan 87 ta mamlakat sport delegatsiyalari, Xalqaro dzyudo federatsiyasi mutasaddilari, xorijiy mehmonlar Toshkentda jam bo‘lishdi.

O‘zbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov yetakchiligidagi mutasaddi va mutaxassislar jahon chempionati bahslari o‘tadigan “Humo arena”da olib borilayotgan so‘nggi tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi.
Shuningdek, Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer, Yaponiya Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Butunyapon dzyudo federatsiyasi rahbari Yasuxira Yamashita bilan o‘tgan uchrashuvlarda hamkorlikning yangi bosqichlari, chempionat bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Do‘stona o‘tgan muloqotlarda mehmonlar O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sport, xususan dzyudo sport turini rivoji borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. Bu, Toshkentda boshlanayotgan jahon chempionati misolida yaqqol ko‘rinib turganligini ta’kidlashdi.
Bugun, 5 oktyabrda ham kun davomida jahon chempionati oldidan bir qator tadbirlar o‘tkazilishi kutilmoqda. Eng muhim tadbirlardan biri dasturga binoan jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimi aynan bugun kunning ikkinchi yarmida tashkil etiladi.

Unda musobaqa nizomiga muvofiq avval o‘z vazn toifalarida jahon reytingida kuchli sakkizlikka kirgan sportchilar saralab olinadi va qur’a ularning atrofida shakllanadi.
Reytingga asosan O‘zbekiston terma jamoasi vakillaridan Murodjon Yo‘ldoshev (73), Sharofiddin Boltaboyev (81), Davlat Bobonov (90), Diyora Keldiyorova (52) saralangan sportchilar qatoridan joy olgan.

Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatining vazn toifalaridagi bahslari 6-12 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tsa, jamoaviy musobaqalar 13 oktyabr kuni tashkil etiladi
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA