Poytaxtda xalqaro antidoping seminari o‘tkazildi
Toshkent shahrida «O‘zingizni va sportingizni himoya qiling» shiori ostida xalqaro antidoping seminari tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi, Xalqaro testlash agentligi (ITA) hamda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi (UzNADA) hamkorligida o‘tkazildi.
Seminarda Xalqaro testlash agentligi eksperti Rayli Makgoun, O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi mutaxassislari, shuningdek, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Hasan Jalud ishtirok etdi.
Tadbir davomida xalqaro va mahalliy mutaxassislar tomonidan antidoping sohasidagi so‘nggi yangiliklar, xalqaro talablar hamda amaliyotda qo‘llaniladigan jarayonlar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Muhokamalarda antidoping qoidalari va ularning asosiy talablari, doping-nazorat jarayonini shaffof va to‘g‘ri tashkil etish, sportchilarning huquq hamda majburiyatlari, taqiqlangan moddalar va usullar ro‘yxatiga oid masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, tibbiy zarurat tufayli taqiqlangan preparat yoki usuldan foydalanishga ruxsat beruvchi terapevtik istisno — TUE olish tartibi ham tushuntirildi.
Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olib, antidoping talablariga amal qilish bo‘yicha tavsiyalarga ega bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, bunday tadbirlar sportchilar, murabbiylar va sport sohasi mutaxassislarining antidoping qoidalari bo‘yicha xabardorligini oshirish, doping xavfining oldini olish hamda mamlakatda halol va toza sport tamoyillarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA