Portugaliyada yong‘in avjiga chiqdi
Portugaliyada so‘nggi kunlarda kuchaygan o‘rmon va dala yong‘inini o‘chirishga 2 000 dan ziyod favqulodda xizmat xodimi va 20 ga yaqin samolyot jalb qilingan. Ayni payt mamlakatning uch hududida ofat jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Eng og‘ir vaziyat mamlakat shimoli-sharqidagi Bragansa okrugi Torre-de-Monkorvo shahri atrofida kuzatilmoqda. Shanba kuni gurillagan olovni bartaraf etishda 400 ga yaqin xodim, 140 texnika vositasi, 4 samolyot band. Hududda allaqachon 2 000 gektar maydon yonib ketgan.
Aroka va Santu-Tirsu tumanlarida ham yong‘in davom etyapti. Arokada 300 dan ko‘p o‘t o‘chiruvchi, qariyb 100 texnika va ikki samolyot ishlayapti. Santu-Tirsuda esa 200 ga yaqin xodim 60 texnika va bir samolyot yordamida olovga qarshi kurashmoqda. Hududda 900 gektardan ortiq maydon zarar ko‘rgan.
Portugaliyada issiq va quruq ob-havo saqlanib turibdi. Ayrim mintaqalarda harorat 40 darajadan oshishi kutilyapti. Hukumat rahbari Luish Montenegru xavf yana bir necha hafta saqlanib qolishidan ogohlantirdi. Darvoqe, uning qayd etishicha, 2026-yil yong‘in qoplagan maydon o‘tgan yilga qaraganda taxminan to‘rt barobar kam ekan.
Musulmon Ziyo, O‘zA