Politico: YeI keng ko‘lamli hujumga yashirincha tayyorgarlik ko‘rmoqda
Yevropa Ittifoqining 27 mamlakatidan kelgan elchilar bir necha hafta davomida Bryusselda ko‘plab qurbonlar bilan bog‘liq keng ko‘lamli gibrid hujum rejasini muhokama qilish uchun yopiq uchrashuv o‘tkazmoqda, deb xabar tarqatdi “Politico” nashri.
Muloqot cheklangan formatda, telefonlar yoki yordamchilarsiz o‘tyapti. O‘ziga xos yashirin muhokama Leypsig aeroportida portlovchi modda bilan to‘ldirilgan dron topilib, Polshaning “Starlink” aloqa stansiyasidagi yong‘in chiqqach, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyadagi yuk samolyotiga yoqib yuboruvchi qurilma o‘rnatishga urinish oshkor bo‘lgach, kuchaygan.
– Jiddiy holatga tayyor turishimiz kerak, – degan Yevropa Ittifoqining yuqori lavozimli diplomati. – Keyingi voqealar ko‘rsatdiki, ko‘plab qurbonlarga olib kelishi ehtimoli mavjud o‘ta keskin hodisani istisno qilib bo‘lmaydi.
YeI doirasida inqirozga javob berish guruhlarini tuzish, ta’sirga moyil mamlakatlarga favqulodda vaziyat uchun mablag‘ ajratish va inqirozli aloqalarni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilinmoqda. Ba’zi davlatlar NATO tomonidan qaror qabul qilish sekinlashishi mumkinligidan xavotirda.
Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen yangi Yevropa xavfsizlik strategiyasiga kiritish uchun “xavf bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar bo‘yicha protokol” ishlab chiqish taklifini ilgari surdi. Ayrim diplomatlar esa mavjud javob mexanizmidan foydalanishni ma’qul ko‘rmoqda.
Ukraina – Rossiya mojarosi cho‘zilib ketishi g‘arb davlatlari xavotirini tobora kuchaytirmoqda. Masalan, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio yaqinda bergan bayonot ham ayni fikrni tasdiqlaydi. U urush davom etishi NATO mamlakatlari ham hujumga nishon bo‘lishi mumkinligini tan oldi.
– Har ikki tomon bir-birini sindirish va vaziyatni buzish uchun harakatni kuchaytirmoqda, – dedi Rubio Lissabonda portugaliyalik hamkasbi bilan birga o‘tkazilgan matbuot anjumanida. – Bu holat ayniqsa Rossiya – Ukraina urushi sharoitida xavfli, chunki bunday keskinlashuv NATOga a’zo qo‘shni mamlakatlarda qo‘poruvchilik kampaniyasiga olib kelishi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA