“Politexnika” endi 1-ligada ishtirok etadi
Qarshi shahrida o‘tkazilgan futzal bo‘yicha 2-liga hududiy g‘oliblari o‘rtasidagi Respublika o‘tish turniri yakuniga yetdi. Unda Jizzax politexnika institutining “Politexnika” jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, O‘zbekison chempionati birinchi ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston Futbol assosatsiyasi (O‘FA) tomonidan futzalni yanada rivojlantirish va uning ommaviyligini oshirish maqsadida muntazam ravishda turli musobaqa va turnirlar tashkil etib kelinmoqda. Jumladan, futzal bo‘yicha O‘zbekiston birinchiligi 2-ligasi 4 ta guruhida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan futzal jamoalari joriy yilning 3-8 iyun kunlari Qarshi shahridagi “Geolog” sport majmuasida respublika chempionati 1-ligasiga beriladigan yagona yo‘llanma uchun o‘tish turnirida ishtirok etdi.


Turnirning final bosqichida Jizzax politexnika institutining “Politexnika” hamda Samarqand davlat universitetining “SamDU” futzalchilari ro‘baro‘ keldi. Keskin va murosasiz o‘tgan bahsda jizzaxlik futzalchilar qo‘shni Samarqand viloyati universitet jamoasini 6:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.


Hududiy 2-liga musobaqasi o‘tish turnirida g‘olib bo‘lgan “Politexnika” futzal jamoasi endi joriy mavsum kuz-bahor tizimida o‘tadigan O‘zbekiston chempionati 1-ligasida Jizzax viloyati sharafini himoya qiladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari