Yangi O‘zbekistondagi ma’rifiy o‘zgarishlar – Misrning nufuzli nashri nigohida
Misr Arab Respublikasining “Al-Siyosiy” elektron nashrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodovning “O‘zbekistondagi diniy va ma’rifiy islohotlar” nomli tahliliy maqolasi e’lon qilindi.
Keyingi paytda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari tomonidan xorijiy nashrlarda yurtimizdagi diniy-ma’rifiy islohotlar, buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish borasidagi ishlar haqida ko‘plab maqolalar chop etilmoqda. Bu, xorijda mamlakatimiz tarixi va madaniyati, amalga oshirilayotgan islohotlar natijalariga qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.
Shovosil Ziyodov maqolasida ham so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar va strategik islohotlar silsilasida diniy-ma’rifiy soha, milliy va ma’naviy qadriyatlarni tiklash va rivojlantirish masalasi markaziy o‘rin tutayotgani alohida ta’kidlangan. Muallif davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili radikalizm va mutaassiblikka qarshi kurashda ma’muriy-kuch ishlatar usullardan voz kechib, ilm, ma’rifat va ajdodlarning boy merosini chuqur o‘rganish orqali jamiyatni sog‘lomlashtirishning eng samarali modeliga aylanganini asoslab bergan.

Maqolada sohaning institutsional poydevori sifatida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan ajdodlar merosini o‘rganish va soxta g‘oyalarga ilmiy raddiyalar tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham batafsil yoritilgan.
Shuningdek, oliy darajali “Imom Buxoriy” ordenining ta’sis etilishi hamda ushbu mukofot bilan xorijiy davlatlar yetakchilari, yurtimiz diniy ulamolari mukofotlangani qayd etilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Hadis oliy maktabi va Toshkent islom instituti faoliyati, jumladan, manbalar bo‘yicha ijozatnomalar berish, 3D modellashtirish va islom moliyasi bo‘yicha kadrlar tayyorlash hamda yosh olimlarni rag‘batlantirish tizimi yoritilgan.
Maqolada islohotlarning markazida inson qadri va yuksak insonparvarlik g‘oyasi turgani alohida qayd etiladi. Muallif 17 mingga yaqin fuqaroning “maxsus ro‘yxatlar”dan chiqarilgani, minglab mahkumlarning afv etilgani, “Mehr” gumanitar operatsiyalari doirasida 530 dan ortiq yurtdoshimiz (asosan ayollar va bolalar) Vatanga qaytarilib, reabilitatsiya qilingani hamda Ramazon oylaridagi saxovat tadbirlari va ehtiyojmand aholini davlat hisobidan muborak haj ziyoratiga yuborish tajribasini asrga tatigulik islohotlar sifatida e’tirof etgan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri