Pokiston Saudiya Arabistoni hududida o‘z harbiylari joylashtirilganini tasdiqladi
Pokiston husiylarning hujumlari fonida Saudiya Arabistonida o‘z harbiy kontingentini joylashtirishni tasdiqladi. Pokiston Qurolli Kuchlari vakili Ahmad Sharif Chaudri bu haqda "CNN" telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
- Pokiston qo‘shinlari allaqachon u yerda, men buni tasdiqlashim mumkin, - deb ta’kidladi harbiy mulozim.
Shuningdek, u qo‘shinlarning aniq soni va ularning amaliyotlarni o‘tkazish imkoniyatlari doirasi davlat siri ekanligi va oshkor qilinmasligini aytdi.
Chaudri Makka o‘zaro mudofaa shartnomasi kollektiv xavfsizlik mexanizmi sifatida ishlashini, “kelishuv tomonlaridan biriga qilingan hujum barchaga qilingan hujum deb hisoblanadi” degan fikrni bildirdi.
Biroq, u Pokiston armiyasining Yamandagi jangovar amaliyotlarda bevosita ishtirok etishi mumkinligi haqidagi savolga javob berishdan bosh tortdi. Uning qayd etishicha, harbiy mojarolarda mamlakatlar kuch ishlatish bo‘yicha taktik rejalarni oshkor qilmaydi, ammo “Pokistonning har qanday harakatlari faqat mudofaa xarakteriga ega bo‘ladi”, dedi.
Pokiston qo‘mondonligi vakili umumiy geosiyosiy vaziyatga to‘xtalib, Islomobod mintaqadagi keskinlikni kamaytirish uchun diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirayotganini va AQSH va Eron o‘rtasidagi qarama-qarshilikka chek qo‘yadigan muzokaralar yo‘li bilan tinchlik kelishuviga erishishda qat’iy turganini qo‘shimcha qildi.
S.Rahimov, O‘zA