BTA: Pensiya yoshiga yetgan vazirlik xodimlari ishdan bo‘shatiladi
Bolgariyaning Innovatsiyalar va raqamli transformatsiya vazirligida pensiya yoshiga yetgan barcha xodimlarni bosqichma-bosqich ishdan bo‘shatish rejalashtirilmoqda. Ularning bir qismi allaqachon vazifasidan ozod etilgan.
Axborot hamkorimiz – Bolgariya telegraf agentligi (BTA) xabar berishicha, bu haqda mamlakat innovatsiyalar va raqamli transformatsiya vaziri Ivan Vasilev parlamentning tegishli komissiyasida o‘tkazilgan eshituvda ma’lum qilgan.
Vazir “O‘zgarishlarni davom ettiramiz” parlament guruhi vakillarining kadrlar siyosatiga oid savoliga javob berar ekan, so‘nggi bir oy ichida vazirlikning 100 nafardan ortiq xodimi ishdan bo‘shatilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur choralar davlat boshqaruvi tizimini maqbullashtirishga qaratilgan hukumat siyosatining bir qismi hisoblanadi.
– Davlat boshqaruvi tizimi shtat birliklarini qisqartirmasdan va siyosiy partiyalarga yaqin shaxslarni ishga tayinlamasdan ham yanada samarali faoliyat yuritishi mumkinligiga ishonaman, - dedi u.
Vasilevning aytishicha, vazirlik faoliyatini qayta tashkil etish jarayoni joriy yil may oyida tegishli nizom loyihasining jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilishi bilan boshlangan. O‘sha paytda yangi tashkil etilayotgan vazirlik xodimlari muassasa faoliyatini o‘rganish va baholash ishlari boshlanayotganidan xabardor qilingan.
Vazir ishdan bo‘shatilgan xodimlar vazirlikda faoliyatini davom ettirish uchun belgilangan talablarga javob bermaganini bildirdi. Xususan, xodimlarni baholashda tashabbuskorlik, hisobdorlik, shaffoflik va ish sifati asosiy mezonlar sifatida belgilangan.
Shu bilan birga, u ishdan bo‘shatilgan xodimlar mutaxassislarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan xususiy sektorda o‘z mehnat faoliyatini davom ettirishi mumkinligini qayd etdi hamda ularga mamlakat ravnaqi yo‘lidagi xizmatlari uchun minnatdorlik bildirdi.
Mulozim amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va ma’muriy jarayonlarni tezlashtirish ekanini ta’kidladi.
Yangi nizomga muvofiq, vazirlik tarkibidagi direksiyalar soni 19 tadan 8 taga qisqartiriladi. Shuningdek, har bir tarkibiy bo‘linmaning vazifa va mas’uliyat doirasi aniq belgilab qo‘yiladi.
– Yangi tashkiliy tuzilmada qaysi direksiya qanday vazifalar uchun javobgar ekani aniq ko‘rsatilgan, - dedi vazir.
Uning fikricha, yangi tartib vazirlik bo‘linmalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, ish jarayonlarini muvofiqlashtirish hamda mas’uliyatdan qochish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
A.Mamatov, O‘zA