Piyoz hosili jadal yig‘ishtirib olinmoqda
Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi "BMB Holding" tarkibidagi "BMB Zomin Agro Food" korxonasi dala maydonlarida piyoz hosilini yig‘ib-terib olish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Mavsumiy jarayonlar belgilangan agrotexnik talablar asosida tashkil etilib, yetishtirilgan hosilni qisqa muddatda va sifatli yig‘ib olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Dalada yig‘ib olingan piyoz saralanib, maxsus qoplarga joylashtirilmoqda.

Korxonada hosilni yig‘ish bilan bir qatorda, uni saqlash va iste’molchilarga yetkazib berish masalalari ham tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Tayyor mahsulotni ichki bozorga barqaror yetkazib berish orqali aholi ehtiyojini qondirishga munosib hissa qo‘shilmoqda.

Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash, sifatli hosil yetishtirish va uni o‘z vaqtida yig‘ib olish muhim ahamiyat kasb etadi. “BMB Zomin Agro Food’da piyoz yetishtirish va hosilni iste’molchiga yetkazib berish jarayonlarining izchil tashkil etilgani ana shu vazifalarning amaliy ifodasidir.

Yetishtirilgan mahsulotning o‘z vaqtida yig‘ib olinishi va bozorga yetkazib berilishi ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari ta’minoti barqarorligini ta’minlash, aholi dasturxoniga sifatli mahsulot yetkazishda muhim omil bo‘lmoqda.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri