Mongoliyadan Navoiyga naslli qo‘y olib kelindi
Bugungi kunda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va chorvachilik tarmog‘ining raqobatbardoshligini yuksaltirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.
Ayniqsa, chorvachilikda naslchilik bazasini mustahkamlash, yuqori mahsuldor hayvonlarni ko‘paytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda tadbirkorlik sub’ektlarining ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda. Bu borada Navoiy viloyatida ham amaliy ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi “2026-yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida viloyatda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Mo‘g‘ulistondan Tomdi tumanidagi “Talas Kompleks” MCHJga 500 bosh, Konimex tumanidagi “Nurseyd” MCHJga esa 595 bosh naslli qo‘y olib kelindi.

Ayni paytda olib kelingan qo‘ylarni parvarishlash, ularni ko‘paytirish va naslchilik ishlarini yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilmoqda. Bu esa kelgusida hududda qo‘ychilikni sanoat asosida rivojlantirish, go‘sht yetishtirish hajmini oshirish hamda ichki bozorni sifatli chorva mahsulotlari bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytiradi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri