Piyodaga yo‘l bermasdan harakatlangan haydovchi javobgarlikka tortildi
Yo‘llarda harakatlanayotgan avtomobil haydovchilarining piyodalar garchi maxsus belgilangan yo‘laklardan o‘tmoqchi bo‘lsa ham ularga yo‘l berishni istamasligi sir emas.
Piyodaga yo‘l berish madaniyati poytaxtimizning markaziy ko‘chalarida sal shakllangan. Biroq, ming afsuski, ko‘z o‘ngimizda piyodani urib yuborganlarni ko‘rganmiz.
Ijtimoiy tarmoqlarda Spark rusumli transport vositasi haydovchisi piyodaga yo‘l bermasdan harakatlanganligi aks etgan video tarqalgan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (YHXB) xodimi tomonidan haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, profilaktik suhbat o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, piyodalar o‘tish joylari (zebra chiziqlari)dan o‘tayotgan piyodaga yo‘l bermagan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasiga asosan jarima belgilanadi.
Jazo miqdori ushbu qoidabuzarlikning yil davomida necha marta sodir etilganiga ham bog‘liq. Jarima miqdorini hisoblash BHM miqdoriga qarab hisoblanadi.
Ayni paytda mamlakatimizda BHMning bir baravari 440 ming so‘mni tashkil etadi. Qoidabuzarlik birinchi marta sodir etilganda BHMning 0.5 baravari – 220 ming so‘m, 2-marta sodir etilganda BHMning 1 baravari – 440 ming so‘m, 3-marta sodir etilganda BHMning 3 baravari – 1 million 320 ming so‘m, qoidabuzarlik 4 va undan ko‘p sodir etilganda BHMning 5 baravari – 2,2 million so‘m jarima solinadi.
Aslida piyodaga yo‘l berish – haydovchi uchun shunchaki oddiy bir tartib bo‘lishi kerak. Bu uning madaniyati, qolaversa, qanday tarbiya ko‘rganini yaqqol aks ettiruvchi holat. Shunday ekan, yo‘llarda hushyor bo‘lish, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylariga yaqinlashganda tezlikni pasaytirish va piyodalarga to‘xtab yo‘l berish kundalik odatga aylanishi kerak.
N.Abduraimova, O‘zA