O‘tmish va bugunni bog‘lovchi maskan
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi O‘zbekistondagi qadimiy muzeylardan biri hisoblanadi. Uning tashkil topishiga 1894-yil kuzida Yangi Marg‘ilon (hozirgi Farg‘ona) shahrida o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligi va sanoati ko‘rgazmasi asos bo‘lgan.
1897-yilda muzey nizomi tasdiqlanib, 1899-yil 26-may kuni “Farg‘ona viloyat xalq muzeyi” nomi bilan uning tantanali ochilish marosimi o‘tkazilgan. O‘sha davrda muzeyda 2 ming 223 ta eksponat jamlangan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 100 mingdan oshgan.
Muzeyda saqlanayotgan har bir eksponat o‘lka tarixining muayyan davri, xalqimizning turmush tarzi, madaniyati va hunarmandchiligi haqida ma’lumot beradi. Ayni paytda muassasaning Marg‘ilon shahri, Oltiariq va Uchko‘prik tumanlarida 5 ta filiali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Muzey xizmatlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, ilg‘or texnologiya va innovatsion g‘oyalarni keng joriy etish muassasaning asosiy vazifalaridan biridir.
[gallery-31455]
Muzey ekspozitsiyalaridan qadimgi runik (O‘rxun-Enasoy) yozuvlari tushirilgan sopol buyumlar, arxeologik topilmalar, rangtasvir va haykaltaroshlik asarlari, qo‘lyozmalar, Rishton kulolchiligi namunalari, XIX asr oxiriga oid mebellar jamlanmasi hamda boshqa noyob ashyolar o‘rin olgan.
Xususan, arxeologiya kolleksiyasida 11 mingdan ortiq ashyo va kolleksiyalar jamlangan. Ular orasida yuksak san’at bilan ishlangan, katta tarixiy ahamiyatga ega namunalar ham bor.
Mazkur osori atiqalar Farg‘ona vodiysining tosh asridan buyongi tarixi haqida muhim ma’lumot berib, tadqiqotchilar uchun qimmatli manba vazifasini o‘taydi.
Tabiat bo‘limi ekspozitsiyasidagi noyob toshlar, hayvonlarning qotirilgan namunalari, shuningdek, tog‘, adir, cho‘l va g‘orlarga bag‘ishlangan dioramalar tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otadi. Ular orqali Farg‘ona vodiysi tabiatining o‘ziga xos jihatlari va betakror manzaralari haqida tasavvur hosil qilish mumkin.
Tarix bo‘limi eksponatlari esa tashrif buyuruvchilarni o‘tmish sahifalariga yetaklaydi. Qadimgi davr, o‘rta asrlar va xonliklar davriga oid ashyolar orqali xalqimizning hayoti, hunarmandchiligi, amaliy san’ati va o‘sha davrdagi muhim voqealar haqida ma’lumot olish mumkin.
Bugungi kunda muzeyda numizmatika, mato, yog‘och, yozma hujjatlar, tabiat, gazeta, xarita, plakat, foto, negativ, arxeologiya, sopol, metall va san’at asarlari fondlari faoliyat yuritmoqda.
2026-yil boshidan buyon muzeyga 27 ming nafardan ziyod kishi tashrif buyurdi. Bu tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash, uni keng targ‘ib etish va yosh avlodga yetkazishda muzeylarning ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA