Pilla rejasi ortig‘i bilan bajarildi
Guliston tumanida joriy yilgi pilla mavsumida dastlabki yuqori natija qayd etildi. Tumanning “Do‘stlik” SIU hududida faoliyat yuritayotgan “Lobar orzusi” fermer xo‘jaligi pilla topshirish rejasini tumanda birinchilardan bo‘lib ortig‘i bilan bajardi. Xo‘jalik belgilangan 310 kilogrammlik reja o‘rniga 350 kilogramm pilla topshirib, mavsumni yuqori ko‘rsatkichlar bilan boshladi.
Yetishtirilgan hosil tuman markazidagi pilla qabul qilish maskaniga tantanali tarzda topshirildi. Ushbu jarayonda Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev ishtirok etib, pillakorlarning mashaqqatli mehnati va fidoyiligini alohida e’tirof etdi. Ta’kidlanganidek, pillachilik nafaqat qishloq aholisi daromadini oshirish, balki aholi bandligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.


– Yuqori natijaga erishishda pilla qurtini parvarish qilishdagi mas’uliyat, ozuqa ta’minoti va mehnat intizomi muhim o‘rin tutdi deb o‘ylayman. Xo‘jaligimizga 310 kilogramm pilla topshirish rejasi belgilangan edi. Pilla parvarishiga jiddiy yondashib, har bir jarayonni nazoratda ushladik. Jamoamizning fidokorana mehnati tufayli rejani 350 kilogramm qilib bajarishga erishdik, – dedi fermer xo‘jaligi rahbari Mirzoqil Mirzayev.

Darhaqiqat, pillachilik sabr va matonat talab etadigan sohalardan biri hisoblanadi. Qisqa vaqt ichida yuqori sifatli hosil olish uchun pilla qurtini doimiy parvarish qilish, harorat va ozuqa me’yorlariga qat’iy amal qilish talab etiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Guliston tumanida joriy yilgi pilla mavsumida jami 124 tonna hosil yetishtirish rejalashtirilgan. Mavsumning dastlabki kunlaridayoq qayd etilayotgan bunday natijalar pillakorlarning bu yil ham yuqori marralarni ko‘zlayotganini anglatmoqda.

Tadbir yakunida ilg‘or pillakorlar va fermerlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, topshirilgan pilla uchun pul mablag‘lari qabul maskanidayoq naqd shaklda to‘lab berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri