2026-yilda 73 mingdan ziyod oila yangi uy-joy bilan ta’minlanadi
Bugun Iqtisodiyot va moliya vazirligida “O‘zbekistonda ipoteka bozori va uy-joy subsidiyasi: tahlil, imkoniyatlar va yangi yondashuvlar” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Vazirlik mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda so‘nggi yillarda uy-joy siyosati sohasida amalga oshirilgan tizimli islohotlar natijalari tahlil etildi. Xususan, 2020-yildan boshlab bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlash tizimi joriy etilgani, daromadi yuqori bo‘lmagan aholi qatlamlarini davlat tomonidan subsidiyalar orqali qo‘llab-quvvatlash mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini kompleks qurish ishlari boshlangani ta’kidlandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Urbanizatsiya jarayonlari, uy-joy qurilishi renovatsiya va ipoteka dasturlarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Rasul Hamidovning qayd etishicha, ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga ixtisoslashgan moliyaviy institut – “O‘zbekiston ipoteka kreditlarini qayta moliyalash kompaniyasi” AJ tashkil etilgani sohadagi muhim institutsional o‘zgarishlardan biridir.
[gallery-29359]
– Ipoteka kreditlash dasturi doirasida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2020-2025-yillarda barcha manbalar hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi izchil oshib bordi. 2025-yilda mazkur ko‘rsatkich 21,2 trillion so‘mni tashkil etdi. 2026-yilda aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida jami 23 trillion so‘m resurs mablag‘lari yo‘naltirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 12,3 trillion so‘m davlat byudjeti, 7,7 trillion so‘m tijorat banklari hamda 3 trillion so‘m Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri keladi. Natijada 73 mingdan ziyod oila yangi uy-joy bilan ta’minlanishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ipoteka kreditlarining eng yuqori miqdori Toshkent shahrida 480 million so‘mgacha, hududlarda esa 380 million so‘mgacha oshirildi, – dedi R.Hamidov.
Tadbirda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalash tizimini takomillashtirish masalalariga alohida urg‘u berildi. Ta’kidlanganidek, daromadi yuqori bo‘lmagan fuqarolar uchun ipoteka krediti boshlang‘ich badalining bir qismini qoplash maqsadida 30 million so‘mgacha subsidiya ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismi dastlabki 5 yil davomida davlat tomonidan qoplab beriladi.
Shu bilan birga, 2026-yildan boshlab oliy malaka toifasiga ega va kamida 15 yillik ish stajiga ega pedagoglar uchun ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizini qoplashga qaratilgan yangi subsidiya mexanizmi joriy etilgani qayd etildi. Ushbu maqsadlar uchun har yili davlat byudjetidan 200 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Tadbirda ipoteka subsidiyalari tizimini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ham ma’lumotlar taqdim etildi. Xususan, “subsidiya.idm.uz” platformasi orqali subsidiya uchun arizalarni inson omilisiz avtomatik baholash tizimi joriy etilgani, arizalarni ko‘rib chiqish jarayoni to‘liq raqamlashtirilgani ta’kidlandi. Bu esa tizimning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Muloqot yakunida ipoteka bozorida yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish bo‘yicha rejalar ham ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan boshlab tajriba-sinov tariqasida maqsadli ipoteka omonati mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA