Peterburg forumi: yangi iqtisodiy tartib shakllanyaptimi?
Sankt-Peterburgda 3-6-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan XXIX Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi nafaqat Rossiyaning eng yirik iqtisodiy anjumani, balki ko‘p qutbli dunyo iqtisodiyotining yangi qoidalari muhokama qilinadigan muhim maydon sifatida ham diqqat markazida turibdi. Bu yilgi anjumanning “Pragmatik muloqot – barqaror kelajakka yo‘l” shiori xalqaro munosabatlarda tobora kuchayib borayotgan bir tendensiyani aks ettirmoqda: davlatlar siyosiy qarama-qarshilikdan ko‘ra, iqtisodiy manfaatga ko‘proq tayanishga harakat qilmoqda.
1997-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan forum dastlab Rossiyaning investitsiya imkoniyatini namoyish qilish maydoni sifatida shakllangan bo‘lsa, keyinchalik global iqtisodiy kun tartibini muhokama qilish platformasiga aylandi. Bugun PXIF ko‘p jihatdan Davos forumiga muqobil format sifatida qaralyapti. Asosiy farq esa amaliy natijaga yo‘naltirilganida namoyon bo‘ladi. Mazkur tadbirda nafaqat fikr almashiladi, balki yirik investitsiya shartnomalari imzolanadi, yangi hamkorlik mexanizmlari ishlab chiqiladi va uzoq muddatli biznes aloqalariga asos solinadi.
Siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayev O‘zAga intervyu berarkan, dastlab so‘nggi yillarda forumning geografiyasi sezilarli darajada o‘zgarganiga e’tibor qaratdi: avval Yevropa davlatlari va g‘arb kompaniyalari asosiy ishtirokchi edi, hozir e’tibor markazida Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va Lotin Amerikasi. Jarayon xalqaro iqtisodiy munosabatlarda yuz berayotgan chuqur transformatsiyaning ifodasi sifatida baholanmoqda. Ayniqsa, BRIKS mamlakatlari va “Global Janub” deb ataluvchi davlatlar guruhining ta’siri ortib borayotgani ishtirokchilar tarkibida ham yaqqol ko‘rinmoqda.
2025-yilgi anjuman natijasi shunday o‘zgarishning amaliy tasdig‘idir: tadbirda 144 mamlakatdan 24 000 ga yaqin vakil to‘plandi, jami 6,48 trillion rublga teng 1084 shartnoma imzolandi. Bu raqamlar PXIFning iqtisodiy ahamiyati saqlanib qolayotgani, xalqaro biznes hamon mazkur maydonni muhim muloqot platformasi sifatida qabul qilayotganini ko‘rsatadi.
Bu yilgi kun tartibi ham jahon iqtisodiyoti oldida turgan eng dolzarb masalalarni qamrab olgan. Global bozor parchalanishi, ta’minot zanjiridagi uzilish, milliy valyutalarda hisob-kitob, sun’iy intellektning iqtisodiyotga ta’siri, energetika xavfsizligi va raqamli suverenitet kabi mavzular muhokama markazida bo‘ladi. Aslida bunday mavzularning bari bir-biri bilan uzviy bog‘liq, chunki dunyo iqtisodiyoti hozirgi bosqichda bir vaqtning o‘zida ham texnologik inqilobni, ham geosiyosiy qayta taqsimlanishni boshdan kechirmoqda.
Umumiy dasturdan SHHT biznes forumi, BRIKS biznes forumi, V20 mintaqaviy muloqoti, kichik va o‘rta biznes forumi kabi tadbirlar o‘rin olgani ham bejiz emas. Ayni jihat anjuman tobora g‘arb markazli iqtisodiy tizimdan tashqarida shakllanayotgan hamkorlik formatlariga e’tibor qaratayotganini anglatadi. Bugungi sharoitda ko‘plab davlatlar tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilishga intilmoqda va PXIF ana shu jarayon uchun qulay muloqot maydoni vazifasini bajarmoqda.
Eng muhim jihat shundaki, forum o‘zini iqtisodiy pragmatizm platformasi sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Geosiyosiy ziddiyatlar saqlanib qolayotgan bir vaqtda biznes va investitsiya uchun muloqot kanallarini ochiq saqlash ko‘plab davlatlar manfaatiga mos tushadi. Shu ma’noda PXIF nafaqat Rossiyaning iqtisodiy tashabbusi, balki shakllanayotgan yangi xalqaro iqtisodiy munosabatlarning o‘ziga xos indikatori sifatida ham ko‘rilyapti.
PXIF O‘zbekistonga nima beradi?
Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi global iqtisodiy jarayonni muhokama qilish maydoni bo‘lish barobarida Markaziy Osiyo davlatlari uchun aniq iqtisodiy natija beruvchi amaliy platforma sifatida ham o‘ziga xos ahamiyat kasb etmoqda. So‘nggi yillarda mintaqa mamlakatlarining forumdagi ishtiroki izchil faollashib borayotgani ham aynan shu omil bilan izohlanadi.
TDSHU magistranti Zarina Bo‘ronova fikricha, Markaziy Osiyo uchun asosiy masala tashqi investitsiya jalb qilish, yangi bozorlarga chiqish va transport-logistika yo‘laklarini kengaytirishdir. PXIF ana shu vazifalarni amalga oshirish uchun qulay muhit yaratadi. Forumda nafaqat Rossiya, balki Xitoy, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Indoneziya kabi iqtisodiy markazlar vakillari ishtirok etishi mintaqa davlatlariga bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish imkonini beradi.
O‘zbekiston mazkur jarayonda eng faol ishtirokchilardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Forum doirasida mamlakatimiz sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va yuqori texnologiyalar sohalari uchun sarmoya jalb qilish imkoniga ega. Ayniqsa, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar sharoitida bunday maydonlar ahamiyati yanada ortgan.
Bugungi kunda xalqaro raqobatda faqat sarmoya jalb qilishning o‘zi yetarli emas. Davlatlar o‘z mahsulotini tashqi bozorga chiqarish uchun ham yangi imkoniyat izlamoqda. Shu nuqtai nazardan PXIF O‘zbekiston uchun eksportni kengaytirish vositasidir. Yuzlab kompaniyalar, davlat delegatsiyalari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyati mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi sheriklar topishga xizmat qiladi. To‘qimachilik mahsulotlari, oziq-ovqat sanoati, kimyo tarmog‘i va kon-metallurgiya sohalari bu borada salohiyatga ega yo‘nalishlar hisoblanadi.
Diplomatik aloqalarni mustahkamlash imkoniyati tadbirning yana bir muhim jihatidir. Rasmiy yig‘ilishlardan tashqari, tadbir doirasida o‘tkaziladigan ikki tomonlama uchrashuvlar ko‘pincha muhim iqtisodiy kelishuvlarga zamin yaratadi. Shu ma’noda PXIF siyosiy muloqot bilan iqtisodiy hamkorlik o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajaradi. O‘zbekiston forumda muntazam qatnashib kelayotgani, 2026-yilgi ishtirok ham rasman tasdiqlangani Toshkentning mazkur maydonga katta ahamiyat qaratayotganidan dalolat.
Markaziy Osiyo uchun alohida ahamiyatga ega jihatlardan yana biri Shanxay hamkorlik tashkiloti biznes forumi PXIF doirasida o‘tkazilishidir. Mintaqaning barcha davlatlari SHHT a’zosi hisoblanadi. Shu bois mazkur format savdo, transport, logistika va infratuzilma loyihalari bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Ayniqsa, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida iqtisodiy integratsiya faollashayotgan hozirgi sharoitda bunday platformalarning ahamiyati ortib bormoqda.
PXIFning ahamiyatini faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan o‘lchash manzarani to‘liq aks ettirmaydi. Forum mamlakatlar imiji uchun ham muhim vosita hisoblanadi. Xalqaro biznes va sarmoyadorlar uchun ochiq, prognoz qilinadigan va islohotlarga sodiq davlat sifatida namoyon bo‘lish bugun investitsiya uchun kurashda hal qiluvchi omilga aylanmoqda. O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi iqtisodiy o‘zgarishlari va tashqi siyosatdagi ochiqlik tamoyili ana shunday nufuzli maydonlarda yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
PXIF-2026 umumiy manzarasiga nazar tashlasak, forumning asosiy mazmuni iqtisodiy pragmatizm atrofida shakllanayotganini ko‘rish mumkin. Davlatlar tobora ko‘proq aniq iqtisodiy manfaatga tayanmoqda, yangi hamkorlik formatlarini izlamoqda va global o‘zgarishlarga moslashishga intilmoqda. Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston uchun ayni jarayonda faol ishtirok etish tashqi iqtisodiy imkoniyatimizni kengaytirish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish va mamlakatimizning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan PXIF shunchaki forum emas, balki mintaqa uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar sari ochilayotgan eshik, desak mubolag‘a bo‘lmas.
Musulmon Ziyo, O‘zA