Xalqaro sertifikatlar asosida elektron tasdiqlash tizimi joriy etildi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-iyunda qabul qilingan 324-sonli qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va ularning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida vakolatli organlarning elektron tasdig‘ini olish amaliyotini joriy etish to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
O‘zbekiston tashqi savdo tizimida yana bir muhim yangilik joriy etildi. Endi O‘zbekistondan tashqarida mahsulotlar uchun rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega hamda muvofiqlikni tasdiqlovchi xalqaro hujjatlar asosida vakolatli organlarning elektron tasdig‘ini olish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur tartib mamlakatda tashqi savdo jarayonlarini raqamlashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va tadbirkorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgan navbatdagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.
Yangi Nizomga muvofiq, mahsulot importchisi yoki boshqa ariza beruvchi xorijda rasmiylashtirilgan muvofiqlik sertifikati yoki ruxsat berish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni ilova qilgan holda bojxona organiga elektron ariza taqdim etadi. Shundan so‘ng, vakolatli organ mazkur hujjatlarni axborot tizimi orqali ko‘rib chiqib, elektron tasdiq yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bu qaror avtomatlashtirilgan tarzda bojxona organlariga yuboriladi va bojxona rasmiylashtiruvi shu asosda amalga oshiriladi.
Arizada tranzit deklaratsiyasi raqami, tovarning nomi va TIF TN kodi, ishlab chiqaruvchi haqidagi ma’lumotlar, mahsulot ishlab chiqarilgan davlat, muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim.
Ushbu tartibning joriy etilishi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun vaqt va xarajatlarni qisqartirish imkonini beradi. Ilgari ayrim hujjatlarni qaytadan rasmiylashtirish yoki qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tkazish talab etilgan bo‘lsa, endilikda xalqaro tan olingan hujjatlar asosida elektron tasdiq olish imkoniyati tashqi savdo operatsiyalarini tezlashtiradi.
Shu bilan birga, yangi mexanizm davlat organlari o‘rtasidagi axborot almashinuvini ham yanada takomillashtiradi. Vakolatli organlar va bojxona tizimi o‘rtasidagi elektron integratsiya inson omilini kamaytirish, shaffoflikni oshirish hamda korrupsiyaviy xavflarni qisqartirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatda bojxona va texnik jihatdan tartibga solish sohasida raqamli xizmatlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Elektron ruxsatnomalar, “Yagona darcha” tamoyili va avtomatlashtirilgan bojxona xizmatlari qatorida mazkur tartib ham tashqi savdo ishtirokchilari uchun yanada qulay va tezkor xizmat ko‘rsatish tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Yangi amaliyot, eng avvalo, xalqaro standartlar asosida ishlayotgan importyorlar va ishlab chiqaruvchilar uchun ma’muriy yuklamani kamaytirishi, mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarish jarayonini soddalashtirishi hamda mamlakatning xalqaro savdo muhitidagi raqobatbardoshligini yanada oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA