Peshkuning bir guruh yoshlari va nuroniylari Buxoro tumanida
Mustaqillik — bu nafaqat tarixiy sana, balki xalqimizning asriy orzu-intilishlari, milliy g‘ururi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchini ifoda etuvchi buyuk qadriyatdir. Yurtimiz istiqlolining 35 yilligi arafasida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” ezgu g‘oyasi asosida tashkil etilayotgan tadbirlar esa ana shu ulug‘ tuyg‘ularni yanada yuksaltirib, xalqimizni bir maqsad va ezgu niyatlar atrofida birlashtirmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda mahallalar, hududlar va avlodlar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, inson qadrini ulug‘lash, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va yosh avlod tarbiyasiga alohida e’tibor qaratishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar izchil davom etmoqda.
Ana shunday ezgu tashabbuslar doirasida Peshku tumanidan tashrif buyurgan bir guruh nuroniylar va yoshlar Buxoro tumanida bo‘lib, hududning tarixiy va diqqatga sazovor maskanlari, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, milliy hunarmandchilik an’analari hamda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishdi.
Tashrifning dastlabki manzillaridan biri “Naqshband hunarmandchilik markazi” bo‘ldi.
Bu maskanda mehmonlar milliy hunarmandchiligimizning asrlar davomida sayqal topgan an’analari, ustalarning ijodiy faoliyati va yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Markazdagi muhit mehmonlarga bir haqiqatni yana bir bor his ettirdi: milliy hunar — bu shunchaki kasb emas, balki xalqning tarixi, didi, tafakkuri va ma’naviy xotirasini avlodlarga yetkazuvchi tirik merosdir.

Ayniqsa, yoshlarni ustoz-shogird an’analari asosida hunarga o‘rgatish, ularning qobiliyatini ro‘yobga chiqarish va mehnat orqali o‘z kelajagini barpo etishi uchun yaratilayotgan sharoitlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Tashrif ishtirokchilari Chorbakr ziyoratgohini ham ziyorat qildi.
Ushbu qadimiy qadamjo xalqimizning boy tarixi, ma’naviy merosi va buyuk ajdodlarimizdan qolgan ibrat maktabining yorqin namunalaridan biri sifatida alohida ahamiyatga ega.
Ziyorat davomida ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosi, milliy qadriyatlarimiz va asrlar davomida shakllangan ezgu an’analar haqida fikr almashildi.
Nuroniylar uchun bu maskan xotira va tafakkur manzili bo‘lsa, yoshlar uchun ajdodlar hayoti va merosidan ibrat olish, o‘zligini anglash va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol topish imkoni bo‘ldi.

Mehmonlar Buxoro tumani Yoshlar markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi. Bu yerda yoshlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, turli yo‘nalishlardagi to‘garaklar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Bugun yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, avvalo, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan cheklanib qolmayapti. Yosh avlodning bilim olishi, zamonaviy kasblarni egallashi, ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Zero, yangi O‘zbekistonning ertangi qiyofasi bugun bilim, kasb va yuksak maqsad sari intilayotgan yoshlar qo‘lida shakllanadi.
Tashrifning yana bir muhim manzili Nuroniylar maskani bo‘ldi.
Bu yerda Peshku tumani va Buxoro tumani nuroniylari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi. Suhbatlarda yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, xalq farovonligi, yoshlar tarbiyasi, oila va mahallada ma’naviy muhitni mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash kabi muhim masalalar haqida fikr yuritildi.

Ayniqsa, katta avlod vakillarining hayotiy tajribalari, bosib o‘tgan yo‘llari, ezgu maslahat va o‘gitlari yoshlar uchun o‘ziga xos hayot maktabi bo‘ldi.
Nuroniylarning samimiy tilaklari, yoshlarning hurmat va ehtiromi bilan uyg‘unlashgan ushbu muloqotlarda avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikning naqadar mustahkam ekani yana bir bor namoyon bo‘ldi. Bunday tashriflar oddiy sayohat yoki tajriba almashuv emas. Uning zamirida xalqni xalqqa, hududni hududga, avlodni avlodga yaqinlashtirishdek ulkan maqsad mujassam.
Peshkulik nuroniylar va yoshlarning Buxoro tumaniga tashrifi davomida tarix va bugungi kun, an’ana va zamonaviylik, katta avlod tajribasi va yoshlarning shijoati bir nuqtada uyg‘unlashdi. Eng muhimi, mehmonlar Buxoro tumanidagi o‘zgarishlar bilan tanishar ekan, bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini joylardagi amaliy ishlar misolida his etdi.

“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan g‘oyaning hayotiy mazmuni ham aynan shunda — bir Vatan farzandlari bir-birining yutug‘idan quvonib, tajribasidan o‘rganib, bir-birini qo‘llab-quvvatlab, umumiy maqsad sari birgalikda intiladi.
Bugun O‘zbekistonda turli hududlar aholisi o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan bunday tashabbuslar tobora keng quloch yoymoqda.
Chunki taraqqiyotning eng katta kuchi — xalqning birligi. Yosh avlodga yo‘l ko‘rsatadigan nuroniylar, yurt kelajagini barpo etadigan yoshlar va ularni birlashtirib turadigan umumiy Vatan tuyg‘usi bor ekan, ezgu maqsadlarga erishish mumkin.

35 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limizga nazar tashlasak, eng katta boyligimiz — tinchlik, eng katta kuchimiz — xalq birligi, eng katta ishonchimiz esa yoshlarimiz ekani yaqqol namoyon bo‘ladi.
Peshku va Buxoro tumani vakillari o‘rtasidagi bugungi samimiy uchrashuvlar ham ana shu ezgulikning yorqin ifodasi bo‘ldi. Zero, Vatan yagona bo‘lsa, maqsad yagona bo‘ladi. Maqsad yagona bo‘lsa, xalq birlashadi. Xalq birlashgan yurtda esa yangi hayot, yangi imkoniyatlar va buyuk kelajak uchun mustahkam poydevor yaratiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri