Pentagon ehtimoliy harbiy mojarolarga tayyorgarlikni kuchaytirmoqda
AQSH Mudofaa vazirligi mamlakatdagi yirik harbiy bazalarni tashqi ta’minot tizimlaridan mustaqil ravishda kamida 90 kun faoliyat yuritishga tayyorlamoqda. Bu haqda “Anadolu” axborot agentligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, “FORTRESS” nomli tashabbus yirik harbiy mojarolar yoki energetika infratuzilmasidagi uzilishlar sharoitida qurolli kuchlarning jangovar shayligini saqlab qolishga qaratilgan.
Dastur doirasida harbiy ob’ektlarni uch oy davomida elektr energiyasi, suv, yoqilg‘i va aloqa vositalari bilan mustaqil ta’minlash rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda mobil yadro reaktorlari, energiya saqlash tizimlari va avtonom elektr tarmoqlaridan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Pentagon favqulodda vaziyatlarda fuqarolik korxonalarini mudofaa mahsulotlari ishlab chiqarishga moslashtirish, muqobil ta’minot zanjirlarini shakllantirish va strategik zaxiralarni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Pentagon vakili Shon Parnellning aytishicha, mazkur choralar milliy mudofaa tizimining fuqarolik infratuzilmasiga qaramligini kamaytirishga xizmat qiladi. U bunday tayyorgarlikni o‘lka xavfsizligi uchun o‘ziga xos “sug‘urta polisi” deb atagan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA