Floridada otishma: jarohatlanganlar bor
AQSHning Tallaxassi shahridagi Florida qishloq xo‘jaligi va mexanika universiteti hududida joylashgan “Bregg-Memorial” stadioni yaqinida otishma sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida 12 kishi, jumladan, olti nafar voyaga yetmagan bola jarohatlandi.
“NBC News” telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanganlarning uch nafari og‘ir ahvolda, qolganlarining salomatligi barqaror.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning dastlabki taxminiga ko‘ra, otishma o‘zaro kelishmovchilik ortidan kelib chiqqan janjal oqibatida sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Voqeadan so‘ng universitet ma’muriyati ijtimoiy tarmoqlar orqali bayonot tarqatib, talabalar va xodimlarni xavfsizlik nuqtai nazaridan hodisa sodir bo‘lgan hududdan uzoqroqda bo‘lishga chaqirdi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA