Pekin Olimpiadasida saralash bahslari boshlandi
Xitoyning Pekin shahrida XXIV qishki Olimpiya o‘yinlaridagi bahslar boshlandi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimi ertaga bo‘lib o‘tishi kutilayotgan bo‘lsa-da, medallar uchun uzoq saralash bosqichidan iborat dasturlarda sportchilar bellashuvlarni boshladi.
Ayni vaqtda kyorling bahslari bo‘lib o‘tmoqda. Kun davomida xokkey va mogul yo‘nalishlarida ham saralash bellashuvlari bo‘lib o‘tadi. Chana sporti, tog‘ chang‘isining tezkor tushish yo‘nalishi, tramplindan sakrash dasturlarida esa rasmiy mashg‘ulotlar kun dasturidan o‘rin olgan.
Kecha tog‘ chang‘isi bahslari o‘tkaziladigan Yansin shahriga yetib kelgan hamyurtimiz Komiljon To‘xtayev ham bugundan mashg‘ulotlarga kirishadi.
O‘zA