Pedofillarga uzoq muddatli yoki umrbod qamoq jazosi beriladi
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022−2025-yillarda O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan shaxslarning nomusiga tegish holatlari bo‘yicha 445 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jumladan, 2022-yilda 85 ta, 2023-yilda 108 ta, 2024-yilda 129 ta, 2025-yilda esa 123 ta shunday jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu raqamlar bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olish choralarini yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Ushbu qonun loyihasi bilan 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan sodir etilgan nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash belgilanmoqda, — dedi qo‘mita raisi G.A’zamova. — Shuningdek, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilishga oid ayrim qoidalarni qo‘llash cheklanmoqda.
Bolaning jinsiy erkinligiga qarshi ayrim jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va jazoni ijro etish muddatlarini qo‘llamaslik ham nazarda tutilmoqda.

Voyaga yetmaganlarga nisbatan qasddan badanga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, shuningdek, bir guruh shaxslar tomonidan o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etilishini og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilash taklif etilmoqda. Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlik, bolalarni tarbiyalash majburiyatini bajarmaslik va boshqa ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari ham kuchaytirilmoqda.
Qonun loyihasida bolalarning protsessual huquqlarini ta’minlash, jumladan, zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, ularning gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi bilan yuzlashtirilishini maxsus tartib asosida o‘tkazish, shuningdek, vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokini ta’minlashga oid normalar belgilanmoqda. Zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish mexanizmlari ham aks ettirilmoqda, — dedi deputat.
Majlisda qayd etilganidek, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish, Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini ijro etmaslik yoki ularning ijrosiga to‘sqinlik qilish uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.
Ta’lim tashkiloti xodimi tomonidan ta’lim-tarbiya jarayonida bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilish uchun asos bo‘lishiga oid qoidalar nazarda tutilgan.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida soha mutaxassislari, deputatlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida uning normalari maromiga yetkazildi. Keng jamoatchilik muhokamasi davomida kelib tushgan takliflar loyihani takomillashtirishda inobatga olindi. Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan normalar bilan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan voyaga yetmaganlarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartiblari aniqlashtirildi. Voyaga yetmagan guvohlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish majburiyligi belgilanib, vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokiga oid qoidalar takomillashtirildi.
Muhokamalar davomida so‘z olgan deputatlar bolalarning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmati hamma narsadan ustun ekanligini aytib o‘tdilar. Ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, bunday jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini ta’minlash hamda mas’ul tashkilotlar va mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirish muhimligini ta’kidladilar. Bir qator savollar o‘rtaga tashlandi va tegishli javoblar, tushuntirishlar berildi.
Qizg‘in muhokama va fikr-mulohazalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA