O‘zbekiston - Belarus parlamentlararo forumi yalpi majlisida Xiva deklaratsiyasi qabul qilindi
Xiva shahrida “Strategik sheriklik: parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, hamkorlikning yangi vazifalari va istiqbollari” mavzusida to‘rtinchi O‘zbekiston - Belarus parlamentlararo forumining yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Ikki davlat parlamentlari rahbarlari, a’zolari, hududlar vakillari, tadbirkorlar hamda jamoatchilik faollari ishtirok etgan yalpi majlis ochilishida mamlakatlarimiz Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenkoning tadbir ishtirokchilariga tabrik so‘zlari o‘qib eshittirildi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Belarus Milliy majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, ishonch va ikki tomonlama manfaatlarga asoslanganini ta’kidladi.
Ma’lumki, joriy yil 8 - 9-iyul kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida deklaratsiya imzolandi.

Parlament diplomatiyasi davlatlararo munosabatlarning muhim tarkibiy qismiga aylangani ta’kidlandi. Prezidentlar topshiriqlariga muvofiq parlamentlarning yuqori palatalari oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ustidan doimiy nazoratni ta’minlab kelmoqda.
Majlis ishtirokchilari mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektrotexnika, to‘qimachilik va mebel sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish muhimligiga e’tibor qaratdi.
Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasida hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Ishbilarmon doiralar vakillarining o‘zaro aloqalari faol rivojlanmoqda, qo‘shma ishlab chiqarish va ijtimoiy tashabbuslar muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, Minsk, Toshkent va Vitebsk shaharlarida o‘tkazilgan O‘zbekiston - Belarus tadbirkor ayollarining biznes-forumlari doirasida shakllangan hamkorlik tajribasi yuqori baholandi. Tadbirkor ayollar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, ularning qo‘shma loyihalardagi ishtirokini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, sheriklar o‘rtasida doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda yuzaga keladigan masalalarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratildi. Muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va vakolatli organlar bilan birgalikda zarur qarorlar, shu jumladan, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha qarorlar ishlab chiqish imkonini beradigan parlament nazorati bu borada muhim o‘rin tutishi zarur.
Bu boradagi ishlarni izchil muvofiqlashtirish uchun parlamentlararo komissiya salohiyatidan samarali foydalanish, majlislarda muhim qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi va forum davomida belgilangan dolzarb masalalarni ko‘rib chiqish taklif etildi. Bunday yondashuv muloqotning uzluksizligini ta’minlash va erishilgan kelishuvlarni amaliy qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.
Yalpi majlis yakunida Xiva deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, parlamentlar va hududlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish O‘zbekiston va Belarus strategik sherikligini yangi mazmun bilan boyitishiga ishonch bildirildi.
Norgul Abduraimova,
Bekzodbek Saidov (surat),
O‘zA