Pedagogika oliy ta’lim muassasalarining 73 nafar professor-o‘qituvchisi xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuborildi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, “Kasbiy rivojlanish kuni va soati” tadbirlarida 11 ta yo‘nalishda 72 soatlik dastur asosida 443 ming 707 nafar maktab o‘qituvchisining malakasi oshirildi.
2 ming 228 nafar rahbar, jumladan, 960 nafar bog‘cha direktori va 1 ming 268 nafar maktab direktori menejerlik kurslarida o‘qitildi. Shuningdek, 1 ming 768 nafar nomzod, jumladan, 1 ming 86 nafar maktab direktorligiga nomzod va 682 nafar bog‘cha direktorligiga nomzod o‘qitildi.
Ta’lim muassasalarining 153 nafar xodimi, jumladan, maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarining 80 nafar pedagog xodimi hamda pedagogika oliy ta’lim muassasalarining 73 nafar professor-o‘qituvchisi xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuborildi. “Yangi O‘zbekiston” universitetida “Massachusets texnologiya” instituti dasturi asosida respublika bo‘ylab 1 ming 400 nafar informatika o‘qituvchisi uchun sun’iy intellekt bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Keyingi bosqichda 48 ming 902 nafar rahbar va pedagog xodimning malakasini oshirish, “Kasbiy rivojlanish kuni va soati” hamda “Metodik mahorat kuni va soati” tadbirlari o‘quv dasturlarini takomillashtirish, 2 ming 80 nafar rahbarni menejerlik kurslarida o‘qitish belgilangan.
Eng yaxshi 100 nafar informatika fani o‘qituvchisini dunyoning yetakchi universitetlariga malaka oshirishga yuborish hamda xalqaro ta’lim dasturlari joriy etiladigan ta’lim yo‘nalishlari uchun o‘quv-metodik ta’minotni bosqichma-bosqich yaratish rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA