“Pearson BTEC” xalqaro ta’lim dasturi asosida malakali kadrlar tayyorlanmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar 1-son texnikumida Buyuk Britaniyaning “Pearson BTEC” xalqaro ta’lim dasturi joriy etilganiga bir o‘quv yili bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari yaqinda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida mazkur texnikumda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Xalqaro mehnat bozorida malakali kadrlarga talab ortib borayotganini qayd etib, o‘quv jarayonlarini ish beruvchilar ehtiyojlariga muvofiq tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Bugungi kunda mehnat bozorida zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarga ega, xalqaro standartlar asosida ishlay oladigan mutaxassislarga talab ortib bormoqda. Shu bois kasbiy ta’lim nafaqat nazariy bilim berishi, balki yoshlarni kasbni puxta egallagan, ishlab chiqarishda mustaqil faoliyat yurita oladigan mutaxassis sifatida tayyorlashi lozim.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida bu yo‘nalishdagi ishlarning muhim qismi ushbu texnikumda “Pearson BTEC” xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish bilan bog‘liq. Dastur bitiruvchilarning malakasini xalqaro talablar darajasiga yetkazish va ularning bandligini ta’minlashga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktabrdagi “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida texnikumda 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab “Pearson BTEC” dasturi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Hozirda besh mutaxassislik bo‘yicha jami 275 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Shundan 149 nafari birinchi, 126 nafari ikkinchi kursda o‘qiydi. O‘quvchilar ishlab chiqarish muhandisligi (payvandlovchi), elektr va elektron muhandislik (elektromontyor), axborot texnologiyalari (kompyuter grafikasi va dizayn operatori), mehmondo‘stlik va ovqatlanish xizmati (oshpaz), raqamli muhandislik (dasturiy injiniring) mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil olmoqda. Yo‘nalishlar hududdagi ishlab chiqarish korxonalari, xizmat ko‘rsatish sohasi va raqamli iqtisodiyot ehtiyojlarini hisobga olgan holda tanlangan.

“Pearson BTEC” yo‘nalishida hozirda 9 nafar pedagog faoliyat yuritmoqda. Ularni moddiy rag‘batlantirishda amaliy natijalar, o‘quvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari va kasbiy kompetensiyalari hisobga olinadigan KPI tizimi joriy etilgan. Bu yondashuv pedagoglar mas’uliyatini oshirish va natijaga yo‘naltirilgan ish uslubini shakllantirishga qaratilgan.
Kasbiy ta’lim samaradorligi, eng avvalo, bitiruvchining kasbi bo‘yicha ish topa olishi bilan belgilanadi. Shu sababli texnikum ish beruvchilar bilan hamkorlikni ustuvor vazifa deb biladi. Jumladan, Nukus shahridagi “Karakalpak Palace Hotel” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan oshpazlik, “Concrete Build” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan payvandlash, “Azimut Hotel” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish, IT Park Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali bilan dasturiy injiniring, “Zamonaviy texnologiya va kompyuter» mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan kompyuter grafikasi va dizayn, “Hududiy elektr tarmoqlari” Qoraqalpog‘iston Nukus filialida elektromontyorlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Bunday hamkorlik o‘quvchilarga kasbni faqat nazariy jihatdan emas, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish muhitida o‘rganish imkonini beradi. Ish beruvchilar esa kelajakda o‘z korxonasida ishlashi mumkin bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash jarayonida bevosita qatnashadi. Dual ta’lim shaklida 72 nafar o‘quvchi o‘qitilmoqda. Bu esa ta’limni mehnat faoliyati bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.
Kasbiy ta’limning yana bir yo‘nalishi — yoshlarni xalqaro talablarga mos tayyorlash va xorijda mehnat qilish imkoniyatlarini kengaytirish hisoblanadi. Bu borada payvandlash sohasidagi tajriba e’tiborga loyiq. “Karakalpak International Welding Academy” mas’uliyati cheklangan jamiyati, Latviyaning “Certification Center Ltd.” hamda uning “Certcenter” sho‘’ba korxonasi hamkorligida Yevropa Ittifoqining EN ISO 9606 standarti bo‘yicha payvandchilarni sinovdan o‘tkazish va sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda 43 nafar tinglovchi o‘quv kurslari va xalqaro attestatsiya jarayonini tamomlagan. Ularning 5 nafari xalqaro standartlarga mos ISO sertifikatini olishdi.
Zarur malaka va sertifikatga ega mutaxassislarni Estoniya Respublikasining ishlab chiqarish va sanoat korxonalariga ishga joylashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Bu tajriba yoshlarga kasb o‘rgatish bilan birga, malakasini xalqaro mezonlar asosida tasdiqlash va ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish muhimligini ko‘rsatadi.
Xalqaro dasturlar faqat bitta texnikum bilan cheklanmaydi. Nukus ilg‘or kasbiy mahorat texnikumida Germaniyaning Avestos dasturi asosida bino qurilishi, qurilish va metallga qayta ishlov berish yo‘nalishlarida, Pearson dasturi asosida esa axborot texnologiyalari yo‘nalishida jami 80 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Nukus shahar 1-son Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida Shveysariyaning “Globogate” dasturi asosida 38 nafar o‘quvchi hamshiralik yo‘nalishida tayyorlanmoqda. 2-son Jamoat salomatligi texnikumida ham “Pearson” dasturi asosida hamshiralik ishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada xalqaro ta’lim dasturlari asosida jami 500 nafar o‘rta bo‘g‘in mutaxassisi tayyorlanmoqda. Bu hududda kasbiy ta’lim mazmunini xalqaro tajriba asosida yangilash va ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish uchun zamin yaratadi.
Zamonaviy kasbiy ta’limning muhim xususiyatlaridan biri o‘quv jarayonini real ishlab chiqarish bilan bog‘lashdir. Texnikum hududida “Solar Sall” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan ishlab chiqarish tashabbusi amalga oshirilmoqda. Korxona 2023-yil yanvaridan faoliyat yuritadi, sanoat va qayta ishlash uskunalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan va 15 nafarga yaqin mahalliy mutaxassisni doimiy ish bilan ta’minlagan.
Nukus shahar 1-son texnikumi tajribasi shuni ko‘rsatadiki, xalqaro dasturlarni joriy etish, pedagoglarni rag‘batlantirish, ish beruvchilar bilan hamkorlik va ishlab chiqarish bilan integratsiya o‘zaro bog‘liq jarayonlardir. Ularni izchil davom ettirish yoshlarga zamonaviy kasblarni egallash, malakasini xalqaro mezonlar asosida tasdiqlash va mahalliy hamda xorijiy mehnat bozorida munosib ish topish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Bayrambay Aymbetov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kasbiy ta’lim
agentligi direktori
O‘zA