“Paxtakor” klubini muhim o‘yin kutmoqda
O‘tgan haftada futbol bo‘yicha Superliga bahslarining 3-tur uchrashuvlari yakunlangan edi. Biroq milliy chempionatimizning 1-turidan o‘rin olgan “Paxtakor” – “Mash’al” klublari o‘rtasidagi o‘yin poytaxtimiz klubining Osiyo chempionlar ligasidagi ishtiroki tufayli boshqa kunga qoldirilgan edi.
Shu munosabat bilan, ertaga 2 aprel kuni “Jar“ stadionida soat 19:30da “Paxtakor” – “Mash’al” o‘rtasida o‘yin tashkil etiladi.

Har ikkala klub mazkur uchrashuvga qadar 38 uchrashuvda to‘qnash kelgan. Ularning 27 tasida “Paxtakor“, 5 tasida “Mash’al“ zafar quchgan. Olti bahs durang bilan o‘z yakuniga yetgan. To‘plar farqi esa 76/25 – “Paxtakor” foydasiga.

Ma’lumot o‘rnida: hozirda Superliga jadvalida “Paxtakor” ikki mag‘lubiyat evaziga 15-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, “Mash’al” 3 ochko jamg‘arib, o‘ninchi o‘rinda qolmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA