Paxtachilik bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi
Respublikada paxta yetishtirishning hal qiluvchi bosqichi boshlandi. Shu munosabat bilan qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida videokonferensaloqa shaklida respublika seminari o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari rahbarlari, tuman hokimlari, fermerlar, klasterlar, soha mutaxassislari hamda olimlar ishtirok etdi.
Seminarda g‘o‘zani parvarishlash, chekanka, sug‘orish, oziqlantirish, makro va mikroelementlardan samarali foydalanish, defoliatsiyaga tayyorgarlik hamda paxta hosilini nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokama qilinib, mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Ta’kidlanganidek, 1-avgustga qadar g‘o‘zaning bo‘yini maksimal 95 santimetrga yetkazish hamda har bir tupda 8–10 ta to‘liq ko‘sak shakllantirib, ularni pishish bosqichiga tayyorlash bugungi kunning eng muhim vazifasi hisoblanadi.
Shuningdek, hozirgi iqlim sharoitida iyul oyidagi har bir kun muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu davrda vaqtni boy berish keyingi rivojlanishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yig‘ilishda g‘o‘zaning me’yoriy o‘sishini ta’minlash, chekankani o‘z vaqtida o‘tkazish, sug‘orish va oziqlantirish ishlarini uyg‘un tashkil etish, mineral o‘g‘itlar bilan bir qatorda mikroelementlardan ilmiy tavsiyalar asosida foydalanish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, begona o‘tlarga qarshi kurashni kuchaytirish, gerbitsidlarni agrotexnik talablarga qat’iy rioya qilgan holda qo‘llash zarurligi ta’kidlandi.
Vazir ochilgan g‘o‘za gullariga preparat sepish mumkin emasligini, bu gullarning zararlanishi va sterillanishiga olib kelishi mumkinligini ham qayd etdi.
Seminarda biologik o‘g‘itlar va biopreparatlarni keng joriy etish, olimlar va fermerlar hamkorligini yanada mustahkamlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Ibrohim Abdurahmonov fermerlar va klasterlar agrotexnik tadbirlarni shaxsiy tajribaga emas, balki ilmiy asoslangan tavsiyalarga tayanib tashkil etishi lozimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ilm-fanning asosiy vazifasi amaliy natija berish va fermerga xizmat qilishdan iborat.
Seminar yakunida 1-avgustdan g‘o‘zani etefon bilan “qaritish” ishlarini boshlash, avgust oyida ikki marta defoliatsiya tadbirlarini amalga oshirish, sentabrda desikatsiya ishlarini o‘tkazish, paxta terimiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, har bir maydonda kunlik monitoringni yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy tavsiyalarni amaliyotga keng joriy etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA