Parlametlararo ittifoq Assambleyasida sog‘liqni saqlash masalasiga e’tibor qaratildi
Tanzaniyaning Arusha shahrida o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoq (PI)ning 153-assambleyasi doirasida mazkur xalqaro tashkilotning Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi tomonidan «Hamkorlar bilan muloqot» uchrashuvi tashkil etildi.
Unda qo‘mita a’zolari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YUNISEF, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) hamda boshqa xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, PI Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi Oral Ataniyazova boshqargan majlisda ayollar salomatligini muhofaza qilish, jinsiy va reproduktiv salomatlik hamda huquqlarni ta’minlash, OIV/OITSning oldini olish, shuningdek, aholining zarur tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O.Ataniyazova mazkur yo‘nalishlarda O‘zbekiston erishayotgan yutuqlarga to‘xtalib o‘tdi. Aholiga sifatli va qulay tibbiy xizmat ko‘rsatish, sohani raqamlashtirishga e’tibor qaratilmoqda. Ayollar salomatligini muhofaza qilish, reproduktiv huquqlarni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, ushbu sohalarda tizimli dasturlar qabul qilingan. Aholining zarur tibbiy xizmatlardan teng va to‘siqlarsiz foydalanishini ta’minlash maqsadida tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini tubdan isloh qilindi.
O‘zaro muloqot jarayonida o‘smirlar salomatligini muhofaza qilish, xususan, ularning reproduktiv salomatligi bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida ruhiy salomatlikni muhofaza qilish qo‘mita faoliyatining istiqboldagi muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etildi.

Muloqot davomida xalqaro hamkorlarning tajriba va takliflari tinglandi. Sog‘liqni saqlash sohasida parlamentlarning qonun ijodkorligi, parlament nazorati va siyosiy muloqot imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
PI Sog‘liqni saqlash qo‘mitasining uchinchi yig‘ilishi ham o‘tkazildi. Unda «Hamkorlar bilan muloqot» uchrashuvi yakunlari sarhisob qilinib, jinsiy va reproduktiv salomatlik hamda OIV/OITS masalalari bo‘yicha asosiy tavsiya va takliflarni shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
PIning 2027 - 2031-yillarga mo‘ljallangan yangi Strategiyasi doirasida qo‘mitaning kelgusi faoliyati, sog‘liqni saqlash sohasidagi strategik ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA