Parlamentlararo ittifoqning 153-assambleyasida O‘zbekiston tomonidan muhim tashabbuslar ilgari surildi
Tanzaniyaning Arusha shahrida Parlamentlararo ittifoqning 153-assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi mamlakatimiz parlament delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Assambleya doirasida Ayol parlamentariylar forumi o‘tkazildi. 120 nafarga yaqin parlament a’zosi ishtirok etgan forumda “Barcha uchun inklyuziv ijtimoiy rivojlanish: nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan parlament strategiyalari” mavzusidagi rezolyutsiya loyihasi gener jihatlarni hisobga olgan holda ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda Parlamentlararo ittifoq (PI)ning Ayol parlamentariylar byurosi prezidenti Sintiya Lopes Kastro, PI Prezidenti Tuliya Ekson va boshqalar qarorlar qabul qilishda ayollar vakolatga ega bo‘lmasa taraqqiyotga erishib bo‘lmasligiga e’tibor qaratdi. Ayol parlamentariylar tenglikni, ta’sir imkoniyatini talab qilishi kerakligini bildirdi. Muhokama qilingan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari bilan bog‘liq loyihaning maqsadi ham shu jihatlar bilan mushtarakdir.
Mavzu bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirgan Turkiya, Ozarbayjon, Keniya va boshqa davlatlar vakillari nogironligi bo‘lgan shaxslar himoyasi bo‘yicha hujjat qabul qilinishi tarixiy voqea ekanini e’tirof etdi. Zero, ular uchun tenglikni ta’minlash umuminsoniy qadriyatlarning bir qismidir.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva ma’ruza qilib, nogironligi bo‘lgan ayollar va qizlarning ta’lim olishi, mehnat qilishi hamda jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun teng imkoniyatlar yaratish muhimligini ta’kidladi.
– Biroq, ular hali ham turli to‘siqlarga duch kelmoqda, – dedi T.Norboyeva. – Ular zo‘ravonlikka duch kelgan holatlarda zarur yordam olishi qiyin bo‘lishi mumkin. Shu bois, ushbu rezolyutsiyada nogironligi bo‘lgan barcha shaxslarni himoya qilish, ayollar va qizlar duch kelayotgan to‘siqlarga barham berish g‘oyasi aks etishi lozim. O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mazkur yo‘nalishning huquqiy asoslari mustahkamlangan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari qonunchilikda kafolatlanib, xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirildi. Oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlik belgilandi, jabrlanganlarga ijtimoiy, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi. Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash yo‘lida ham ish olib bormoqdamiz.

Senat Raisi qator amaliy takliflarni ilgari surdi. Parlamentlarda qonun loyihalarini nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlari nuqtai nazaridan majburiy ekspertizadan o‘tkazish tartibini joriy etish taklif qilindi. Bunda nogironligi bo‘lgan ayollar va qizlar duch keladigan to‘siqlar alohida baholanishi lozim. Eng asosiysi, bu jarayonda nogironligi bo‘lgan ayollarning o‘zlari ham bevosita ishtirok etishi zarur.
Qabul qilingan qonunlarning ijrosi ustidan doimiy va ta’sirchan parlament nazoratini ta’minlash taklif etildi. Nazorat tadbirlariga nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, ayollar hamda ularning huquq va manfaatlarini ifoda etuvchi tashkilotlarni keng jalb qilish juda muhim. Parlament nazorati doirasida aniqlangan har bir muammo va to‘siqni bartaraf etish bo‘yicha mas’ul idoralar oldiga aniq vazifalar qo‘yilishi darkor.
Ilgari surilgan tashabbuslar har bir insonning qadr-qimmati, huquq va imkoniyatlari ta’minlangan jamiyatni shakllantirishda parlamentlarning amaliy mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgan.
Yig‘ilishda O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanishi bilan bir qatorda yaqinda Samarqandda Parlamentlararo ittifoq Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi yuqori saviyada, muvaffaqtyatli o‘tkazilgani e’tirof etilib, buning uchun mamlakatimiz rahbariyati va parlamentiga minnatdorlik bildirildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA
Tanzaniya, Arusha shahri