“Motamsaro ona” yodgorligi poyiga guldasta qo‘yildi
Farg‘onada ziyorat qiladigan maskanlar, go‘shalar bisyor. Ana shunday manzillar orasida "Motamsaro ona" majmuasi alohida o‘rin tutadi. Bu ikkinchi jahon urushi yillarini xotirlash bilan bog‘liq maskanda viloyatga tashrif buyurgan har qanday mehmonlar, albatta, ushbu yodgorlikni ziyorat qilib, yodgorlik poyiga guldasta qo‘yib o‘z ehtiromlarini izhor etadi.
Bugun Farg‘onada O‘zbekiston va Rossiya hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishi hamda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududlari Kengashining III yig‘ilishi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda. Tadbir ishtirokchilari dastlab Farg‘ona shahridagi «Motamsaro ona» haykali poyiga gul qo‘yish marosimida qatnashdilar.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, shuningdek, Novosibirsk viloyati gubernatori Andrey Travnikov, Altay o‘lkasi gubernatori Viktor Tomenko boshchiligidagi delegatsiyalar, O‘zbekiston va Rossiyaning boshqa hududlari rahbar va mas’ullari, vazirlik va idoralar, tarmoq tashkilotlari, savdo-sanoat palatalari hamda ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda yurt ozodligi va tinchligi yo‘lida jon fido etgan ajdodlar xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatildi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA