Jurnalistlar qurilish va infratuzilma loyihalari bilan tanishdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan Nukus shahrida amalga oshirilayotgan yirik qurilish va infratuzilma loyihalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar shahar hududida qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan muhim ob’ektlar bilan tanishib, mutaxassislardan batafsil ma’lumot oldi hamda joylarda olib borilayotgan ishlar jarayonini bevosita kuzatish imkoniga ega bo‘ldi.
Press-tur ishtirokchilari dastlab “Boyterak” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “JAYXUN BIZNES” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli turar joy majmuasidagi qurilish ishlari bilan tanishdi.
Loyiha doirasida zamonaviy arxitektura talablari asosida 5 qavatli turar joy binolari barpo etilmoqda. Majmua jami 7 ta yo‘lakdan iborat bo‘lib, jami 125 ta xonadonni o‘z ichiga oladi. Qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash rejalashtirilgan bo‘lib, ob’ektni 2026-yil noyabr oyida to‘liq foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.
Keyingi manzil “Ko‘k-o‘zak” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qurilgan markazlashgan issiqlik tizimi ob’ekti bo‘ldi. Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2025-2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq amalga oshirilgan. Loyiha natijasida Nukus shahri “Ko‘k-o‘zak” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi mavjud ko‘p xonadonlar markazlashgan issiqlik tizimi bilan ta’minlandi.
Loyiha buyurtmachisi - O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Ko‘p xonadonli uylarni mukammal va joriy ta’mirlash hamda issiqlik ta’minoti ob’ektlarini qurish bo‘yicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi hisoblanadi.
Ob’ektning umumiy qiymati 14 milliard 852,38 million so‘mni tashkil etadi. Uning quvvati 1 ta qozonxona, 4 MVt quvvatga ega 3 ta qozon (jami 12 MVt) va 3,5 kilometr uzunlikdagi issiqlik tarmog‘idan iborat.
Press-tur davomida "Yosh avlod" mahalla fuqarolar yig‘ini, 27-kichik tuman hududida Boshqarish servis tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi "Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan ko‘p xonadonli uylarning tutash hududlarida umumiy foydalanishdagi infratuzilma ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun jami 46 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 184 ta ko‘p xonadonli uyda tegishli ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha doirasida Nukus shahrining 27-kichik tumanidagi 11 ta ko‘p qavatli uyning fasad qismlarini ta’mirlash va 3 ta zamonaviy bolalar maydonchalarini qurish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda ushbu ob’ektlarda qurilish-montaj ishlari jadal davom etmoqda.
Hududda nafaqat ta’mirlash, balki obodonlashtirish va estetik ko‘rinishni yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, ko‘p qavatli uylarning fasadlarida turli rangdagi bo‘yoqlardan foydalangan holda milliy qadriyat va an’analarni aks ettiruvchi go‘zal manzara va bezaklar yaratilmoqda. Bu esa hududning zamonaviy va o‘ziga xos qiyofasini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Press-tur davomida Qoraqalpoq davlat universiteti hududida qurilgan 500 o‘rinli talabalar turar joyi ham ko‘zdan kechirildi. Ushbu talabalar turar joyi universitetning byudjetdan tashqari mablag‘i hisobidan qurilgan bo‘lib, hozirgi vaqtda qurilish ishlari to‘liq yakunlangan. Bino zamonaviy mebel va barcha zarur jihozlar bilan ta’minlanib, foydalanishga tayyor holga keltirilgan.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillarini qurilish ishlarining sifati, muddatlari, loyiha quvvati va aholi ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha barcha qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri