“Parij-2024”da Eldor va Abbosdan tashqari qanday yulduzlar maydonga tushadi
Xabaringiz bor, joriy yilning 24 iyul kuni “Parij-2024” Olimpiadasining futbol musobaqasi boshlanadi. Shu kuni turnirining to‘rt guruhida birinchi tur bahslari o‘tkaziladi.
Olimpiya o‘yinlari reglamentiga ko‘ra, musobaqada terma jamoalar asosini 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar tashkil etadi. Biroq har bir mamlakat terma jamoasi o‘z safiga uch nafar yoshi katta o‘yinchilarni qo‘shish huquqiga egadir. To‘g‘ri, ayrim jamoalar bu huquqdan unumli foydalandi va tarkibini tajribali futbolchilar bilan to‘ldirdi.
Biroq, biz bu galgi maqolamizda siz aziz futbol ixlosmandlari e’tiboriga “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining futbol musobaqasida turli terma jamoalar safidagi yosh va tajribali charm to‘p ustalari haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tishni lozim ko‘rdik.

Dastlab, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining mashhur uch futbolchisi haqida. Albatta, terma jamoamiz safida iqtidorli futbolchilar ko‘p, lekin Eldor Shomurodov (“Roma”, Italiya), Abbosbek Fayzullayev (“SSKA”, Rossiya) va Abduqodir Husanov (“Lans” Fransiya) hozirda mamlakatimizni Yevropa maydonlarida sharafini yuksaltirayotganini alohida e’tirof etishimiz lozim.

Endi esa, bu yilgi Olimpiadada qatnashadigan nomdor futbolchilar haqida ma’lumotni e’tiboringizga havola qilamiz. Gvineyalik Nabi Keyta 29 yoshli yarim himoyachi hozirda Germaniyaning “Verder” klubida to‘p tepmoqda. Fransiyalik Maykl Olise yaqinda Germaniyaning “Bavariya” jamoasi safidan joy oldi. 22 yoshli hujumkor futbolchini myunxenliklar “Kristal Pelas”dan 53 million yevro evaziga sotib oldi. Fransiyalik Aleksandr Lyakazett hozirda “Lion”da o‘ynamoqda. 33 yoshli forvard faoliyati davomida faqat ikki klub Angliyaning “Arsenal” va Fransiyaning “Lion” klubida o‘ynagan.
Ispaniya olimpiya terma jamoasi a’zosi Erik Garsiya 23 yoshli himoyachi hozirda “Barselona” sharafini himoya qilmoqda. Shuningdek, Ispaniya termasi safida Pau Kubarsi ham bor. U “Barselona” akademiyasining eng yorqin tarbiyalanuvchilaridan biridir. 17 yoshli himoyachi aslida Ispaniya terma jamoasining Yevropa chempionatidagi tarkibidan joy olishi kerak edi. Biroq, mutasaddilar unga Olimpiya o‘yinlarida o‘zini ko‘rsatish imkonini berdi.

Argentina olimpiyachilari safida Xulian Alvares maydonga tushadi. 24 yoshli Xulian Argentina terma jamoasining Olimpiadadagi eng kuchli hujumchisi bo‘lishi kutilmoqda. “River Pleyt” tarbiyalanuvchisi 2022 yildan beri “Manchester Siti” sharafini himoya qilib kelmoqda. Shuningdek, bu jamoa tarkibida 36 yoshli himoyachi Nikolas Otamendi ham bor. Nikolas bu galgi Olimpiya o‘yinlariga Amerika kubogi g‘olibi sifatida keladi. Hozirgi kunda klub miqyosida “Benfika” (Portugaliya) sharafini himoya qilmoqda.
Marokash olimiya termasi safida tajribali Ashraf Hakimi bor va u jamoaning haqiqiy yetakchisi safida maydonga tushadi. Aslida, Ashraf uchun Parij shahri begona emas. 25 yoshli qanot himoyachisi hozirda aynan Olimpiada mezboni bo‘lgan Parij shahri klubi “PSJ” safida o‘yinamoqda.

Ha, bu galgi Olimpiya o‘yinlarining futbol musobaqalarida ana shunday yuzlduzlar to‘p tepadi. Bu esa har bir uchrashuv keskin va murosasiz o‘tishidan dalolat beradi.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston va Ispaniya olimpiya terma jamoalari 24 iyul kuni guruh bosqichining ilk turida o‘zaro to‘qnash keladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA