Paraosiyo o‘yinlari qahramonlari tantanali kutib olindi
Joriy yilning 19-24-oktabr kunlari Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida bo‘lib o‘tgan V Paraosiyo o‘yinlarida ishtirok etgan mamlakatimizning matonatli paralimpiyachilari yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib keldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida ushbu nufuzli musobaqa g‘oliblari, sovrindorlari va ishtirokchilarini tantanali kutib olish marosimi tashkil etildi. Shu munosabat bilan bu yerga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, paralimpiyachilarimizning ota-onalari, jurnalistlar yig‘ildi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, sport vaziri Adham Ikromov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva va boshqalar qatnashdi.
Маросiмда Senat Raisi Tanzila Norboyeva Prezidentimiz tabrigini o‘qib eshittirdi.
Shuningdek, marosimda ishtirok etgan hukumat vakillari, vazirlik, tashkilot mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari, shoirlar, san’atkorlar Paraosiyo o‘yinlari, sportchilarimiz erishgan g‘alabalar xususida to‘lqinlanib so‘zladi.


O‘zbekistonlik para sportchilar qit’amizning eng nufuzli kompleks musobaqasi – V Paraosiyo o‘yinlarida munosib ishtirok etib, mamlakatimizning ulkan sport salohiyatini namoyon etdi. Ajdodlari buyuk millatning avlodlari ham buyuk ishlarga qodirligini, yurtimiz yoshlari mardlik va jasoratda, shijoat va matonatda, iqtidoru iste’dodda hech kimdan kam emasligini, aksincha, manaman degan davlat yoshlaridan ustun ekanini isbotladi.
Sportchilarimizning yaqindagina XX yozgi Osiyo o‘yinlarida xalqqa ulashgan, elning qaddini, g‘urur-iftixorini tog‘dek ko‘targan muzaffar onlarining hovuri bosilmay turib, yana g‘alaba nashidasi, baxtiyor lahzalar shukuhi qalblarimizni chulg‘ab oldi.
Yaponiya mamlakati mezbonlik qilgan V Paraosiyo o‘yinlarida vakillarimiz erishgan natijalar ana shunday tuyg‘ularni xalqimizga yana bir bor baxshida etdi. Qit’a miqyosidagi ushbu nufuzli sport anjumanida 45 ta mamlakat vakillari 18 ta sport turi bo‘yicha g‘oliblik uchun bahslashdi.
Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari 11 sport dasturida ishtirok etib, ular orasida para yengil atletika, para dzyudo, para suzish, para pauerlifting, para taekvondo va para velosport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan shiddatli bellashuvlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, jami 145 ta medalga sazovor bo‘ldi.
...Orziqib kutilgan damlar – Paralimpiyachilarimiz ulkan havo kemasidan qo‘llarida Vatanimiz bayrog‘ini mag‘rur ko‘targan holda chiqib kelmoqda. Karnay-surnay sadolari, kutib olishga yig‘ilganlarning “O‘zbekiston!" degan hayqirig‘i g‘alaba quvonchini yanada oshiradi.

G‘olib va sovrindor sportchilarimiz nomidan so‘zga chiqqan Marjona Pardaboyeva xalqimizning ishonchi, davlatimizning yoshlarga qaratayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rligi uchun minnatdorlik bildirdi. Kelgusida bundanda yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritishga va’da berdi.
O‘zbekiston sportchilari V Paraosiyo o‘yinlarida o‘z mahorati, matonati va shijoatini to‘la namoyon etib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Ishonamiz, kelajakdagi nufuzli musobaqalarda, jumladan, 2030-yili Qatarda bo‘ladigan VI Paraosiyo o‘yinlarida bundanda salmoqli natijalarga erishiladi.
Zero, iroda va matonat timsoli bo‘lgan sportchilarimizga yaratilayotgan sharoit, jismoniy tarbiya va sportning yanada ommalashishi borasida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar yutuqlar salmog‘i yuksak bo‘lishiga zamin yaratishi tayin.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov ishtirok etdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
To‘lqin Ro‘ziyev,
Almurod Mamadaminov (surat),
O‘zA