Paralimpiyachilarimiz Osiyo rekordini yangiladi
Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilayotgan Paraosiyo o‘yinlarida mamlakatimiz paralimpiyachilari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ular o‘rtasida paralimpiya harakatini rivojlantirish orqali jamiyatga faol integratsiyalashuvini ta’minlash, iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida yoshlarimiz nufuzli xalqaro musobaqalarda, Paralimpiya va Paraosiyo o‘yinlarida yuqori natijalarga erishmoqda.
Qit’amizning 42 davlatidan 4 mingdan ziyod sportchi ishtirokida o‘tkazilayotgan ushbu yirik sport anjumanida 27 nafar paralimpiyachimiz sportning yengil atletika, dzyudo, suzish, o‘q otish turlari bo‘yicha musobaqalarda Vatanimiz sharafini himoya qilmoqda.
Shu kunga qadar o‘tkazilgan bahslarda sportchilarimiz oltita oltin, bittadan kumush va bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning suzish bahslarida hamyurtimiz Dmitriy Xorlin bir yo‘la uchta oltin medalga sazovor bo‘ldi. U 50 metrga, 100 metrga va 400 metr masofaga suzish bahslarida yuqori natija qayd etib, har uch yo‘nalishda ham Osiyo rekordini o‘rnatdi.
Yana bir sportchimiz Kirill Pankov o‘z shijoati va mahoratini namoyon etib, 50 metr masofaga erkin usulda suzishda shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Uning qayd etgan natijasi ham Osiyo rekordi sifatida e’tirof etildi.
Engil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan bahslar ham paralimpiyachilarimiz uchun medal va rekordlarga boy bo‘ldi. 800 metr masofaga yugurish bahsida tengsiz ekanini isbotlagan hamyurtimiz Faxriddin Hamroyev Osiyo rekordini yangiladi. Ushbu masofaga yugurish bo‘yicha Damir Pashayev bronza medal bilan taqdirlandi.
Yadro uloqtirish bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda Mavlonbek Haydarov yuqori natijani qayd etib, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga yana bir oltin medalni keltirdi va Osiyo rekordini o‘rnatdi.
Engil atletikaning uzunlikka sakrash musobaqalarida ishtirok etgan hamyurtimiz Farrux Mirzaqulov kumush medalni qo‘lga kiritdi.