Paradzyudo: Boku Gran-prisining ilk kunida 5ta medal qoʻlga kiritildi
Shu kunlarda Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida paradzyudo boʻyicha Gran-pri turniri oʻtkazilmoqda. Unda Oʻzbekiston terma jamoasi ham ishtirok etayapti.
Shu kunlarda Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida paradzyudo boʻyicha Gran-pri turniri oʻtkazilmoqda. Unda Oʻzbekiston terma jamoasi ham ishtirok etayapti.
Mazkur musobaqa Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlariga qimmatli reyting ochkolarini taqdim etishi bilan ham ahamiyatli sanaladi. Shu bois unda eng kuchli paradzyudochilar bahs olib bormoqda.
Bugun oʻtkazilgan musobaqaning ilk kungi bellashuvlari oʻzbekistonlik sportchilar uchun sermahsul boʻldi. Vakillarimiz Boku gran-prisining birinchi kunidayoq ikkita oltin va uchta bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmatidan xabar berishicha, Oʻzbekiston sport delegatsiyasiga dastlabki oltin medalni 73 kg.gacha boʻlgan vazn toifasida bahslarga kirishgan buxorolik Feruz Saidov taqdim etdi. Birinchi uchrashuvda braziliyalik Pimentelya Luanni ippon bahosi evaziga magʻlub etgan vakilimiz navbatdagi bahsda qozogʻistonlik Dalet Temirjandan ustun keldi. Yarim finalda Ozarbayjon vakiliga munosib qarshilik koʻrsata olgan yutdoshimiz hal qiluvchi final bahsida ukrainalik Rufat Magomedovni ham magʻlubiyatga uchratdi va shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi.
81 kg.gacha boʻlgan vazn toifasidagi polvonimiz Davurxon Karamatov ham oltin medal sohibiga aylandi. U birinchi bellashuvida AQSH vakilidan ustun keldi. Keyin esa rossiyalik Ruslan Albagachiyevni ippon, yaʼni sof gʻalaba evaziga magʻlub etdi. Chorak finalda braziliyalik Pereyrani va yarim final meksikalik Avila Sanchesning kuragini yerga tekkizgan polvonimiz finalda mezbonlar vakili Raximli Xuseynni ham dogʻda qoldirdi va 1-oʻrinni egalladi.
Boku tatamilarida bronza medallarini esa qizlarimiz qoʻlga kiritdi. Lobar Xurramova (-48 kg.) 3-oʻrin uchun bahsda turkiyalik Tasin Yesemdan ustun keldi. Sevinch Salayeva (-52 kg.) esa germaniyalik Ramona Russigni magʻlub etdi va u ham bronza medali sohibasiga aylandi. Uchinchi bronzani esa 57 kg.gacha vazn toifasida ishtirok etgan Parvina Samandarova qoʻlga kiritdi.
Musobaqalar davom etmoqda.