Shaxmat: 7 yoshli Muhammadyusuf Bahromov Osiyo chempioni!
Rossiya Federatsiyasining Tula viloyatida shaxmat bo‘yicha 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida yakunlangan 20-Osiyo chempionatida 7 yoshli shaxmatchimiz O‘zbekiston nomini ulug‘ladi.
Bugun, 8-oktabr kuni qit’a birinchiligining 9-turida 7 yoshli Muhammadyusuf Bahromov oq donalarda rossiyalik Vladimir Karayev bilan kuch sinashdi.
Murosasiz kechgan bahsda iste’dodli shaxmatchimiz Bahromov 7 yoshgacha bo‘lganlar orasida 5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 5-o‘rinda borayotgan rossiyalik raqibini mag‘lub etdi.

Ushbu g‘alaba tufayli kuchlilar orasida 9 imkoniyatdan 8 ochko jamg‘argan Muhammadyusuf Bahromov Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi.
O‘z navbatida, so‘nggi turda rossiyalik Roman Yanovskiyni dog‘da qoldirgan Dxaranipatiya Ximalan 7,5 ochko bilan kumush medaliga, 7 ochko jamg‘argan qozog‘istonlik Alinur Bauyurxan bronza medaliga ega chiqdi.

Yosh shaxmatchimizning mazkur g‘alabasi yurtimizda Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev singari Yangi O‘zbekiston shaxmatining oltin avlodining munosib izdoshlari yetishib kelayotganligini ko‘rsatdi.
Eslatib o‘tamiz, 20-Osiyo chempionatida Rossiya, Hindiston, Eron, Qozog‘iston singari bir qator davlatlarning 270 nafardan ziyod shaxmatchi yoshlari sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilgan vaziyatda O‘zbekiston terma jamoasi 1 nafar ishtirokchi bilan qatnashib, chempionlik shohsupasidan o‘rin egalladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA