Oziq-ovqat xavfsizligi: 60 tonnadan ortiq noqonuniy import to‘xtatildi
Inspektorlar O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilayotgan xavfli mahsulotlar importining oldini oldi. Bu yuklar qanday xavflarni yashirardi?
Bozorlarimizning to‘kin-sochinligi xalq farovonligini ifoda etadi. Shu bois oziq-ovqat yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga davlat tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Biroq, bildirilgan ishonchni suiiste’mol qilib, mamlakatning oziq-ovqat barqarorligiga xavf solayotganlar ham uchrab turibdi. Gap shundaki, Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi inspektorlari tomonidan mahsulotlarning noqonuniy importi oldi olindi. Fitosanitariya nazoratidan o‘tmagan yuklar orqali O‘zbekistonga o‘simliklarning xavfli zararli organizmlari kirib kelishining oldi olindi.
Jumladan, Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi inspektorlari tomonidan chegara maskanlarida navbatdagi nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Poytaxtdagi ulgurji savdo markaziga kelgan 2 ta transport vositasida 39 tonnadan ortiq mandarin borligi aniqlangan. O‘tkazilgan surishtiruv natijasida mahsulotlarning xavfsizligini tasdiqlovchi fitosanitariya sertifikati hamda iste’molga yaroqliligi to‘g‘risida ekspertiza xulosasi mavjud bo‘lmagani ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, Toshkent viloyati “Najimov” chegara maskanida navbatdagi karantin ko‘rigi davomida Xitoydan mevalar olib kelayotgan yuk mashinasi ko‘zdan kechirildi. Dastlabki birlamchi fitosanitariya ko‘rigi davomida inspektorda shubha paydo bo‘lgani sababli transport vositasini tushirish va mahsulotlarni ikkilamchi ko‘rikdan o‘tkazish belgilandi. Ikkilamchi ko‘rik natijasida fitosanitariya sertifikatida ko‘rsatilmagan 14 turdagi mahsulotlar borligi aniqlandi.
Karantin ko‘rigi davomida yuk mashinasida fitosanitariya sertifikatda ko‘rsatilmagan mandarin, ananas, avokado, apelsin, uzum, papaya, marakuya, fizalis va boshqa meva mahsulotlari mavjud bo‘lgan. Aniqlangan mahsulotlarning umumiy miqdori 22,5 tonnadan ziyodni tashkil etdi.
Mazkur holatlar yuzasidan belgilangan tartibda mahsulotlarni vaqtincha to‘xtatib turish hamda ularni qaytarib yuborish to‘g‘risida dalolatnomalar rasmiylashtirildi. Ayni vaqtda Bojxona qo‘mitasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Sanjar Toshpo‘latov,
Anvar Ahmedov (video),
O‘zA