MDH doirasida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining iqtisodiy hamkorligi
O‘zbekiston va Rossiya MDH doirasida asosiy iqtisodiy hamkorlardan sanaladi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar savdo-sotiq, sanoat kooperatsiyasi, energetika, mintaqalararo aloqalar va gumanitar sohalarni qamrab oladi.


Hamkorlik ikki va ko‘p tomonlama darajada rivojlanmoqda. Ikki tomonlama darajada iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya va Hududlar kengashi faoliyat yuritadi. Shu yilning 6-oktabr kuni Farg‘onada Hukumatlararo komissiyaning 27-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda yig‘ilish protokoli hamda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida 2026-2040-yillarga mo‘ljallangan ilmiy-texnologik rivojlanish strategiyasi imzolandi.
Ko‘p darajadagi hamkorlik MDH va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida amalga oshirilmoqda. Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi huzurida kuzatuvchi maqomini oldi. 2024-yil 1-oktabr kuni O‘zbekiston hukumati va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi o‘rtasida 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi imzolandi. Shu bilan birga respublikamiz rahbariyati MDH mexanizmlari samaradorligini oshirishni ilgari suradi. MDH Hukumat rahbarlari Kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov erkin savdo zonasi samaradorligini oshirishga chaqirdi. Bu integratsiya birlashmasiga to‘liq a’zo bo‘lmagan holda, Rossiya Federatsiyasi va mintaqadagi boshqa davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish istagini ko‘rsatadi.
O‘zaro savdo dinamikasi
Savdo aylanmasi iqtisodiy munosabatlarning asosiy ko‘rsatgichi bo‘lib qolmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, uning hajmi 13 mlrd AQSH dollarini tashkil etdi, bu oldingi yilgi ko‘rsatgichdan 8,4 foizga ko‘pdir. O‘zbekiston mahsulotlari eksporti 12,2 foizga oshib, 4,4 mlrd AQSH dollarga yetdi.
2026-yilda ham ijobiy dinamika saqlanib qoldi. Joriy yilning birinchi choragida savdo aylanmasi 7 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatgichdan 15,7 foizga ko‘pdir. Yanvar-iyul oylarida esa, bu ko‘rsatgich 8,1 mlrd dollarga yetdi (+11,8%). Sakkiz oy davomida 10 foizlik o‘sish kuzatildi va savdo hajmi 9 mlrd dollardan oshdi.
2026-yilga mo‘ljallangan maqsadlar hozirgi ko‘rsatgichlardan yuqori. Rossiya Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov bunda 14 mlrd dollar deb, O‘zbekiston tomoni esa, tovar ayirboshlash hajmini 15 mlrd dollargacha oshirish niyatida ekanini bildirdi.
Rossiya Federatsiyasi respublikamizning eng yirik savdo sheriklari qatoriga kiradi. 2026-yilning yanvar-avgust oylari yakuniga ko‘ra, O‘zbekistoning tashqi savdo aylanmasi 57,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Bunda Xitoy birinchi o‘rinni egallaydi (23%), shundan so‘ng Rossiya (16%), Qozog‘iston (6,5%), Turkiya (3,4%) va Afg‘oniston (2,5%) hissasiga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi o‘rinni egallagan Rossiya O‘zbekistonning MDH davlatlari orasida eng asosiy hamkori sanaladi.
Agrar sektorda ham eng ko‘p o‘sish kuzatiladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi hajmi 31,7 foizga o‘sib, 2026-yilning iyul oyida meva, sabzavot va yong‘oq yetkazib berish hisobiga 1,55 mlrd dollarni tashkil etdi. Rossiya bozori O‘zbekistondan meva-sabzavot mahslotlari eksporti uchun asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Hamkorlik aloqalari tovar almashinuvdan asta-sekin qo‘shma ishlab chiqarish darajasiga o‘tmoqda. Joriy yilda kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va metallga ishlov berish sohalarida 16 ta qo‘shma korxona tashkil etish rejalashtirilgan. Jizzax viloyatida atom elektr stansiyasini qurish, milliy kadrlarni tayyorlash, uskunalar va xizmatlarni mahalliylashtirish eneregetika sohasidagi eng yirik loyihalardan hisoblanadi.
So‘nggi ikki yildagi bu ma’lumotlar davlatlarmiz o‘rtasida savdo hajmining barqaror o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.
Orash Akaboyev, O‘zA